AsosiyJamiyat

"Kompaniya siz ishlab chiqqan qonunlarga tayansa, nega endi ta`na aynan siz tomondan yangramoqda?" “O`zavtomotors” Kusherbaevga munosabat bildirdi

'"Kompaniya siz ishlab chiqqan qonunlarga tayansa, nega endi ta`na aynan siz tomondan yangramoqda?" “O`zavtomotors” Kusherbaevga munosabat bildirdi'ning rasmi

Avvalroq, deputat Rasul Kusherbaev pandemiya sharoitida monopolistlarga ajratilayotgan kattadan katta mablag`lar xususida so`z yuritib, "erkatoy monopolimiz “O`zavtomotors” yuzi qizarmay, tez yordam uchun ham avtomobillarini otni kallasidek oshirilgan narxida sotishda davom etayapti", deya tanqid qilgandi. 

"Masalan, Farg`ona viloyati hokimligi viloyat aholisi uchun 20 ta yangi “Damas”larni 75 mln. so`m atrofida sotib olib, “tez yordam”ga  topshiribdi.  

Shu “O`zavtomotors”ga ham hayronsan. Rossiyaning Ufasida avtomobillari ochiqda qolib chirib yotsa ham o`z xalqi uchun jilla qursa “Damas”laridan bepul yoki imtiyozlar bilan berish qiyinmi?

“24 yil davomida xalqimiz bilan birgamiz”, deb ko`kragini kerayotgan bu monopol hech bo`lmasa shu og`ir kunlarda haqiqatan xalqi bilan birga ekanligini isbotlasa bo`lardi.

Axir shuncha yil shu xalq hisobidan yallo qilib yashadi, ertaga shu xalq bo`lmasa uni “erka”ligini kim ko`taradi, defektlar bilan chiqayotgan, otni kallasidek qimmat mashinalarini kim oladi, albatta shu xalq oladi. Pulini to`lab oylab kutadigan Rossiya, Qozog`iston, Ukraina xalqi emas, shu xalq oladi, shu xalq minadi. Shu kasal bo`layotgan odamlar bo`lmasa hech kimsan "monopol do`stim"!" Farg`ona misolida munosabatini tushuntirgan deputat. 

Ayni paytda Rasul Kusherbaevning keskin tanqidiga “UzAuto Motors” kompaniyasi munosabat bildirdi: 

Kecha go`yoki “UzAuto Motors” kompaniyasi tez yordam uchun avtomobillarni oshirilgan narxlarda sotayotgani haqida balandparvoz bayonot bergan deputat Kusherbaev madaniy muloqot doirasidan chetga chiqdi, zero mavzudan bexabar o`quvchi uchun bamisoli kompaniyamiz mavjud vaziyatda narxlarni atayin oshirayotgandek bo`lib ko`rindi. Tabiiyki, bu gap haqiqatga mutlaqo to`g`ri kelmaydi va “UzAuto Motors”, ayrim siyosatchilar uchun populizm asosiy, ba`zida esa, yagona qurol bo`lishini yaxshi tushungan holda, Rasul Xidralievichning ayblovlarini bandma-band tahlil etishga tayyor.

Janob Kusherbaev “UzAuto Motors” COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan O`zbekistonda yuzaga kelgan og`ir vaziyatni e`tiborga olmayotir, deya da`vo qiladi. Biroq, biz professional jurnalist o`zi aytayotgan so`zlarining mohiyatini chuqurroq anglashi, tajribali parlamentariy esa, so`zlarining mas`uliyatini yaxshiroq his qilishi lozim ekanligiga aminmiz. Aftidan, deputat uchun bu – o`z shaxsini butun tarmoqqa qarshi qo`yish hisobiga auditoriya qamroviga osonroq erishishga qaratilgan oddiy xabar bo`lgan. Shunday bo`lsa-da, o`z saylovchilariga bo`lgan oddiy hurmat ham ularga tekshirilgan axborot taqdim etishni nazarda tutadi. Afsuski, bayonotdagi deputat so`zlarida haqqoniylikdan asar ham yo`q.

Nafaqat “UzAuto Motors”, balki kompaniya xodimlari ham, hamkorlari ham pandemiyaning birinchi kunlaridan koronavirusga qarshi kurashda faol qatnashib kelmoqda. To`g`ri, ehtimol, kompaniya o`zining xayriya aksiyalarini ko`z-ko`z qilmayotgandir, biroq bu hech bir siyosatchiga tarmoq korxonalarining va ularda ishlayotgan o`n minglab xodimlarning umumiy kurashga qo`shayotgan hissalarini kamsitish huquqini bermaydi.

Xayriya ishlaridagi ulushlari haqida gapirish kompaniya odatlariga kirmaydi, ammo Rasul Kusherbaev o`zining haqoratomuz posti bilan ularni yodga olishga majbur qilmoqda: “O`zavtosanoat” AJ va uning tuzilmaviy bo`linmalari birinchilardan bo`lib “O`zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoatchilik fondiga 1 milliard so`mdan ziyod mablag` o`tkazdi. Bundan tashqari, joriy yil aprel oyida kompaniya respublikaga xorijiy hamkorlaridan 2 milliard so`mlik tibbiyot jihozlarini keltirish tashabbuskori bo`ldi. Yana 2 milliard so`mga teng mablag` tarmoq korxonalari tomonidan Sardoba suv ombori yorilishi va Buxoro viloyatidagi to`fondan zarar ko`rganlar foydasiga o`tkazildi.

Bundan tashqari, tarmoq tomonidan hokimiyat idoralariga, karantin muassasalarining qurilishi uchun O`SV apparatlari va 2500 ta konteyner beg`araz taqdim etildi. Qolaversa, epidemiyaning ilk kunlarida, hali maxsus karantin markazlari yaratilmagan paytda, “O`zavtosanoat” AJ Hojikentdagi “Lochin” idoraviy sog`lomlashtirish oromgohini yuzlab insonlarni karantinga joylash uchun taqdim etdi va ularning to`liq ta`minotini zimmasiga oldi. Mana shular va boshqa ko`plab faktlardan keyin ham, kompaniya vatandoshlar tashvishlariga bee`tibor, deb da`vo qilish qanchalik to`g`ri bo`ladi?

Hurmatli O‘zLiDeP fraksiyasining a`zosi o`zining “UzAuto Motors” tomon og`zaki hamlasiga tasdiq o`laroq, juda qiziq misol keltiradi – Farg`ona viloyati hokimligi 20 dona yangi Damas avtomobilini xarid qilganini aytadi. Bu bilan janob Kusherbaev aynan nima demoqchi bo`lgani unchalik tushunarli emas. Agar bu tez yordam ehtiyojlari uchun avtomobillar bepul berilishi kerakligiga shama bo`lsa, unga, har qalay, o`tgan haftaning o`zida UzAuto Motors mutlaqo bepul asosda Andijon viloyati hokimligiga olti dona Damas tez yordam avtomobilini taqdim etganligini aniqlashtirish qiyinchilik tug`dirmagan bo`lardi. Aftidan, bu haqda barcha OAVlarda e`lon qilinmagani xato bo`lgan ko`rinadi, lekin kompaniya umumiy ofat paytida bunday ishlarni ko`z-ko`z qilishni to`g`ri deb hisoblamaydi.  

Balki, Rasul Xidralievich tez yordam ehtiyojlari uchun barcha avtomobillar beg`araz etkazib berilishini istar? Ammo, Qonunchilik palatasining hurmatli deputati ilgari surayotgan bu g`oya munosabati bilan, O`zbekiston Respublikasining “Homiylik to`g`risida”gi Qonunining ayrim me`yorlarini eslatib o`tishni xohlar edik. Unga ko`ra, ustav fondida davlat ulushi 50%dan ortiq bo`lgan xo`jalik yurituvchi jamiyatlarning homiylikka yillik xarajatlari o`tgan yilda olingan sof foydaning 10 foizidan oshmasligi kerak.

Shu munosabat bilan, birinchi yarim yillikning o`zida xayriya maqsadlariga 37 milliard so`mdan ziyod mablag` yo`naltirgan “UzAuto Motors”, ming xohlamasin, ushbu chegarani bosib o`ta olmaydi.

Endi savol tug`iladi: mamlakatimizda qonunlarni kim yozadi? “UzAuto Motors” rahbariyatimi yoki, har qalay, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarimi? Barchasi sizning qo`lingizda, hamkasblaringiz ixtiyorida, qadrli Kusherbaev janoblari.

“UzAuto Motors” o`z xayriya faoliyatida siz ishlab chiqqan qonunlarga tayansa, siz joriy qilgan cheklovlar doirasida ish ko`rsa, nega endi ta`na aynan siz tomondan yangramoqda?

Kompaniya tez yordam ehtiyojlariga “UzAuto Motors” o`z mahsulotlarini bepul taqdim etishi uchun, amaldagi qonunga e`tiroz bildiradimi? – Yo`q, e`tirozi yo`q.  

Agar shunday qonun qabul qilinsa, kompaniya uni ijro etishga tayyormi? – Zo`r mamnuniyat bilan!

Bunday qonun loyihasi parlamentga kiritilganmi? – Har qalay, kompaniya bu haqda eshitmagan.

Rasul Xidralievich Kusherbaev shunday g`oya bilan yoki epidemiologik inqirozni engish bo`yicha boshqa har qanday tashabbus bilan ommaviy bayonot berdimi? – Aslo yo`q!" - deyiladi kompaniya tomonidan bildirilgan munosabatda. 

    Boshqa yangiliklar