21 iyulda Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining (JSST) Evropa mintaqaviy byurosi Birdamlik va «COVID-19»ga javob berish global jamg`armasi orqali JSST Bosh qarorgohi tomonidan xarid qilingan insonparvarlik yukini JSSTning O`zbekistondagi vakolatxonasi ko`magida O`zbekistonga etkazib berdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasining Axborot xizmati boshlig`i ma`lum qildi.
Ushbu insonparvarlik yordamining umumiy qiymati 4 million AQSh dollaridan ortiqni tashkil qiladi.
Insonparvarlik yukini jo`natish ikki bosqichda amalga oshirildi. Birinchi partiya Toshkentga 8 iyulda etib kelib, o`z ichiga yuz uchun 619 400 ta himoya qalqonchasi va 2 176 000 dona jarrohlik niqobini oldi. Ikkinchi partiya poytaxtga 17 iyulda etkazib berildi. U shaxsiy himoya vositalari, jumladan, himoya ko`zoynagi (95 200 dona), himoya xalatlari (178 000 dona), jarrohlik niqoblari (12 000 dona), KN95 respirator niqoblaridan (1 064 000 dona) iborat edi.
Yuk O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga topshirish uchun mo`ljallangan.
Olingan insonparvarlik yuki Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti tomonidan Oʼzbekistonga koʼrsatilayotgan yordamning bir qismidir.






