Ayni damda mamlakatimizda butun jahonda kabi koronovirus pandemiyasiga qarshi kurashish, bu kasallik tarqalishini oldini olish, zaruriy profilaktika chora-tadbirlarini o`tkazish, aholi salomatligini ta`minlash borasida qator amaliy ishlar muntazam ravishda bajarilib kelinmoqda. Davlatimiz Rahbarining tizimli tahlillar natijasiga tayangan ko`rsatmalariga muvofiq, mutasaddi idoralar tomonidan keng ko`lamda ishlar boshlanib, o`z samarasini bermoqda.
Jumladan, “Koll-markaz”lar sonini ko`paytirishda Toshkent shahrining o`zida qo`ng`iroqlarni qabul qilish uchun tez yordam markaziy stansiyasida qo`shimcha 70 joy tashkil etildi. Bu erda operatorlik faoliyatini yuritish uchun maxsus o`quv kurslarda tayyorgarlik ko`rgan, bunday hayirli ishlarga jalb qilingan ko`ngillilar faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tibbiy maslahat ko`rsatish bo`yicha 50 nafar ko`ngilli shifokorlardan iborat “Koll-markaz” ham o`z ishini boshladi. Shu kunga qadar, 36.218 ta murojaatlar yuzasidan tibbiy maslahatlar berilgan.
Prokuratura organlari tomonidan uzluksiz ravishda barcha ko`ngilli ishchilarga maxsus kiyimlar va bepul kunlik oziq ovqat etkazib berilishi tashkillashtirilgan.
O`z o`rnida tez-yordam xizmati faoliyatini yaxshilash, ularning chaqiriqlarga yanada tezkorlikda etib borishi, tez yordam vrachlarini yanada malakaliroq xizmat ko`rsatishi uchun zaruriy yangiliklarni joriy etish to`g`risidagi topshiriq ijrosi yuzasidan ham amaliy choralar ko`llandi.
Xususan, tez yordam xizmati avtomobil parkini kengaytirish va shu bilan aholining tez yordam xizmatiga bo`lgan zaruratini qondirish maqsadida qo`shimcha 50 ta “Damas”, 12 ta “Foton” va 27 ta
“Isuzu” maxsus avtomashinalari tez yordam markaziy stansiyasiga ajratilishi hamda davlat raqamlari olib berilishi ta`minlandi.
Shuningdek, Bosh prokuratura tashabbusi bilan tez orada “Shifona info” telegram bot kanali tashkil etilib, har bir kasalxonaga prokuratura xodimi biriktirilib, shahardagi kasalxonalarda mavjud bo`sh o`rinlar (koyka) hisobi yuritilishi yo`lga qo`yilishi rejalashtirilgan.
Buning natijasida mavjud haqiqiy ma`lumotlarni muntazam ravishda “Koll-markaz”dagi chaqiruvlarni muvofiqlashtiruvchi dispetcherlarga doimiy ravishda taqdim etib kelinishi o`laroq, chaqiruvga chiqqan tez yordam brigadasini, zaruratga qarab bemorni kasalligi bo`yicha bo`sh joy mavjud bo`lgan yaqin oradagi shifoxonalarga yo`naltirish imkoniyati yuzaga keladi.






