Bugun Seul shahrida Koreya Bandlik va mehnat vazirligi tomonidan Koreya kasb sifatini baholash xizmati bilan hamkorlikda Covid-19 pandemiya davrida fuqarolarning Koreya Respublikasiga kirib kelishi va tark etishi yuzasidan yig`ilish bo`lib o`tdi. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ma`lum qildi.
Yig`ilishda quyidagi masalalar ko`rib chiqildi. Jumladan, Koreyada vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirib vatanga qaytayotgan fuqarolarning o`z vaqtida Koreya hududini tark etish masalasi ko`tarildi. Bu borada Koreya hukumati tomonidan fuqarolar uchun barcha sharoitlar yaratilayotgani, viza muddati tugayotgan fuqarolarning o`rnatilgan tartibda immigrasiya xizmatiga murojaat etish orqali viza muddatlarini uzaytirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi. Agar, fuqarolar o`z vaqtida Koreyani tark etmay noqonuniy ravishda ushbu davlatda qolgan taqdirda o`sha davlat bo`yicha fuqarolar ko`rsatkichi ko`p bo`lsa, keyingi yilga yangi ishchilarning kirib kelish kvotasiga ta`sir etadi.
Yig`ilish doirasida o`tkazilgan brifingda pandemiya davrida turli davlatlarda paydo bo`layotgan muammolar haqida to`xtab o`tildi.
Bugungi kunda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Kvangju shahridagi vakolatxonasi tomonidan Koreya Respublikasidan uchib borayotgan aviareyslar «yashil reys» maqomiga ega ekanligi, Koreyadan kirib borgan fuqarolar 14 kunlik karantinga olinmasligi yuzasidan joriy yilning 14 iyundagi Respublika maxsus komissiyasi tomonidan qaror qabul qilinganligi, 15 iyundan boshlab karantin talablarining engillashtirilganligi tufayli, aviaqatnovlarning qaytadan yo`lga qo`yilganligi hamda hozirgi kundagi O`zbekistondagi pandemiya holati bo`yicha axborot berildi.
Vakolatxona va elchixona tomonidan mehnat migrantlarini Koreya hududini tark etishi borasida har tomonlama amaliy yordam berilayotgani ta`kidlandi. Qolaversa, Vakolatxona tomonidan, ayrim sabablarga ko`ra, Koreya Respublikasidan O`zbekiston Respublikasiga ketgan fuqarolarning mehnat ta`tili, viza muddati tugayotganligi, ish joyini almashtirishni tegishli tashkilotlarda qayd etish muddati tugab borayotganligi, ularning Koreyaga kirib kelishi yuzasidan ko`plab muammolar mavjud ekanligi, bu muammolar yuzasidan o`zaro hamkorlikda echim topish yuzasidan yig`ilish tashkilotchilariga takliflar bildirildi.
O`z navbatida Koreya hukumati tomonidan ishchi vizasi bilan kirib kelish bo`yicha yangi tartib ishlab chiqilayotganligi va mazkur tartib to`liq ishlab chiqilgandan so`ng yaqin kunlarda taqdim etilishi ma`lum qilindi.
Viza muddati tugayotgan O`zbekiston fuqarolari Koreya hududidan chiqib ketishda muammolarga duch kelayotgan bo`lsa, O`zbekiston Respublikasining Koreyadagi elchixonasi yoki Vakolatxonaga viza muddati tugashidan oldin murojaat qilishi so`raladi.






