AsosiyJamiyat

"Allamjonov stereotipni buzdi..."

'"Allamjonov stereotipni buzdi..."'ning rasmi

"Milliy" telekanalining "Tez yordam" loyihasi efir yuzini ko`rgan birinchi kundanoq O`zbekistonda keng auditoriyaga ega bo`ldi. Garchi, telekanallarda koronavirus haqida o`nlab ko`rsatuv va chiqishlar qilib borilayotgan bo`lsada, "Tez yordam" ko`rsatuvi o`zining yangi formati bilan jamoatchilik e`tiboriga tushdi. Ayni paytda ushbu ko`rsatuvdan olingan qisqa lavhalar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalishga ham ulgurdi. Xo`sh, uning o`ziga xosligi nimada bo`ldi? Telegram ijtimoiy tarmog`ida o`zining keskin tanqidlari bilan nom chiqargan platforma.uz kanalida ushbu loyihaga munosabat bildirildi.

"Shaxsan men Komil Allamjonovning “Milliy” telekanalidagi “Tez yordam” ko`rsatuvini ko`rmaganimda, ijtimoiy sohada, xususan, MTRK va SSV ishida xalq bilan muomala qilish bo`yicha katta jarlik borligini bilmasdim. Mazkur loyiha buni anglatdi. Davlat siyosatini yuritadigan bu ikki sektor xalqdan ancha uzoqlashib ketgan ekan.  

Komil Allamjonov loyihasi tez orada millionlab odamlarni atrofiga yig`gani, bugungi eng dolzarb muammo — koronavirus nima, uning qanday turlari bor, chalinganda nima qilish kerak, degan oddiy savollarga odamlar tushunadigan tilda javob berilayotgani, buning ustiga jonli muloqot uyushtirilayotganida, deb bilaman.  

Ko`rsatuv boshlovchisi, birinchidan, COVID-19ni boshidan o`tkazgan odam. O`ziyam efirda buni ko`p bor ta`kidladi. Shuning uchun ham bu kasallikka doir aksariyat savollarni o`zidan kelib chiqib beryapti. Boshlovchilikni juda erkin olib boryapti.  

Studiyadagi uchta ekspert — do`xtir opalarni ham har bir narsani ilmiy emas, oddiy, xalqona, jaydari tilda tushuntirishga undayapti. O`rtadagi muloqot sodda va samimiy. O`rniga qarab hazil-huzul ham, jiddiy gaplar ham bo`lyapti...  

Endi sizga savol: nega bu ko`rsatuv tezda ko`pchilikning mehrini qozondi, tilga tushdi? Chunki unga “tepa”dagi galstukli “konstruktorlar” aralashmagan. Hammasi oddiy, hayotiy, odamlar boshdan kechirayotgan tashvishlarga hamohang. Muhimi, siyosiylashmagan, ichida turli farmon va qarorlar, ma`ruzalardan iqtiboslar yo`q...  

Ochig`i, Komil Allamjonovga — 5! SSV va MTRKga bugungi sinovli kunlarda xalqqa qanday targ`ibot siyosati kerakligini ko`rsatib qo`yibdi..." - deyiladi munosabatda. 

    Boshqa yangiliklar