O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tavallud topgan kuni munosabati bilan chin dildan tabriklab, samimiy qutlov va ezgu tilaklarni yo`llagan davlat va hukumat boshliqlariga, xorijiy siyosat va jamoat arboblari, xalqaro tashkilotlar rahbarlariga, ishbilarmon doiralar vakillariga, yurtimizdagi mahallalar va mehnat jamoalariga, turli kasb egalari bo`lgan barcha vatandoshlarimizga chuqur minnatdorligini izhor etdi:
"Mening sha`nimga bildirilgan, men uchun g`oyat qadrli bo`lgan ushbu tabrik va tilaklarni, avvalambor, O`zbekiston xalqi va davlatiga yuksak hurmat va ehtirom, mamlakatimizning bugungi va ertangi kuniga bo`lgan ishonch ifodasi sifatida qabul qilaman.
Fursatdan foydalanib, mehnatsevar, bag`rikeng va olijanob xalqimizga yana bir bor chin qalbimdan farzandlik mehrimni va hurmatimni bildiraman.
Ko`pmillatli xalqimiz bilan birga bugungi murakkab sinovlardan munosib o`tib, jonajon O`zbekistonimiz ravnaqi va el-yurtimiz farovonligi yo`lida oldimizga qo`ygan ulkan maqsadlarga albatta etamiz, deb ishonaman",-
deyiladi samimiy minnatdorchilikda.






