Kecha, 24 iyul kuni Qoraqalpog`iston Respublikasi Qonliko`l tumani hokimi Daulet Ayapbergenovich Tolibaev koronavirus sabab olamdan o`tgani xabar qilingan edi. Ayni paytda SSV ushbu xabarni tasdiqladi.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Nukus shahrida yashagan 37 yoshli D.T.da (erkak) isitma, umumiy holsizlik va quruq yo`tal paydo bo`lgach, joriy yil 10 iyul kuni respublika yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.
Unga “COVID-19” infeksiyasining o`ta og`ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, o`tkir respirator distress sindrom tashxisi qo`yilgan. Xastalik o`tkir nafas etishmovchiligi, miya shishi asoratlari bilan kechgan.
Shuningdek, bemorda semizlikning 3-darajasi, yurak ishemik kasalligi kabi hamroh kasalliklar ham bo`lgan.
Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultasiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.
Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o`tkazilgan reanimasion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og`irlashib, o`tkir nafas va yurak qon-tomir etishmovchiligi, miya shishidan vafot etgan.






