O`zbekistonda so`nggi vaqtlarda koronavirusga test topshirish bilan jiddiy muammolar yuzaga keldi. Odamlar test topshirolmay, topshirganlar esa 5-6 kunlab, kamdan kam bo`lsada 12 kunlab natijani bilolmay, sarson bo`ldi. Ba`zilar test javobi kech chiqqani uchun, uning to`g`riligiga shubha bildirdi.
Shunday vaziyatda koronavirus testi qachongacha yaroqli bo`ladi va qancha vaqtdan keyin uning natijasi ishonchsiz bo`lib qolishini bilish muhim. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig`i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ushbu savolga aniqlik kiritdi:
“Biz bir narsani bilishimiz kerak, koronavirusga olingan, ya`ni cho`pda olingan namuna u suyuqlik bor probirkaga solinadi. Suyuqlikda esa konservant bor, u nafaqat bu virusni tirik saqlab beradi, balki ko`paytirishga ham imkon beradi. Unda suyuqlik bor davrda suv qurib qoladigan bo`lsa, imkoniyat chegaralanishi mumkin, negaki virus o`ladi. Balki qoldiqlari qolishi mumkin.
Asosan bugun namuna olingandan keyin, bir necha soat ichida u qo`yilishi kerak. Sakkiz soat davomida PZR ko`radi, o`qiydi, tekshiradi. O`zi aslida, bugun olingan namunani natijasini ertasiga taqdim qilinadigan imkoniyat bo`lishi kerak. Namunalar olinib uzoq muddat kutib qolinadigan bo`sa, uni sifati va olingan natijani sifati ham buzilishi mumkin. Lekin qachonki topshirilgan natija 12 kundan so`ng aniq bo`lsa, bu mantiqan to`g`ri bo`lmaydi”, deya javob berdi Nurmat Otabekov.






