AsosiyJamiyat

O`zbekiston musulmonlari idorasi Qurbon hayitini nishonlash yuzasidan bayonot berdi

'O`zbekiston musulmonlari idorasi  Qurbon hayitini nishonlash yuzasidan bayonot berdi'ning rasmi

O`zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi O`zbekiston musulmonlari idorasi Qurbon hayitini nishonlash yuzasidan bayonot berdi.

"Aziz yurtdoshlar, O`zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi nomidan Siz azizlarni mehr-oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi bo`lgan Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz.

Ma`lumki, butun dunyo bo`ylab, jumladan, yurtimizda ham koronavirus kasalligi avj olmoqda. Hozir insoniyat og`ir sinovli davrni boshidan kechirmoqda. Mamlakatimizda aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar ko`rilmoqda. Lekin, butun jahonda bo`lgani kabi yurtimizda ham pandemiya bilan bog`liq vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Ba`zi musulmon va qo`shni davlatlarda koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog`liq holat keskinligi sababli ulamolar tomonidan Qurbon hayiti namozini jamoat bo`lib o`qishning iloji yo`qligi haqida fatvolar e`lon qilindi.

Islom dini manbalarida Qurbon hayiti namozi vojib amal ekani bayon etilgan. Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan juma namozi vojib bo`lgan kishilarga hayit namozi vojib ekani naql qilingan. Juma namozi Qur`on, sunnat, ijmo kabi qat`iy dalillar bilan sobit bo`lgan farz amaldir. Modomiki muayyan uzrlar bilan farz bo`lgan juma namozini vaqtincha to`xtatib turish to`g`risida ulamolar fatvosi qabul qilingan ekan, vojib amal bo`lgan hayit namozini o`qimaslik ham o`z-o`zidan ma`lum bo`ladi.

Bayon etilganlardan kelib chiqib, 2020 yilgi Qurbon hayiti (Iydul adho) namozini pandemiya davrida jamoat bo`lib o`qish imkoniyati mavjud emasligi, mo`min-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qiladi.

Ulamolar Kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo`yicha fatvosida qayd etilganidek, epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holdagi xulosalari ayni Qurbon hayiti namoziga ham tegishlidir.

Bunday vaziyatda oyat, hadis va shar`iy qoidalarda ko`rsatilgan tavsiyalarga amal qilishga buyuriladi. Shariat insonga zarar etish ehtimoli kuchaygan paytda ibodatlarni engil tarzda bajarishga ruxsat beradi yoki butunlay zimmadan soqit qiladi. Iyd namozi vojib amal bo`lgani bois bugungiday uzrli holatlarda hayit namozini ado etish soqit bo`ladi.

Mavjud vaziyat taqozosidan kelib chiqib, Iydul adha namozi ado qilinmasa ham Qurbon hayiti kunlari savobli amallar bisyor ekanini ma`lum qilamiz. Qurbon hayiti zulhijja oyining 10-kuniga to`g`ri kelishi e`tiboridan ushbu oy va uning birinchi o`n kunligi fazilati juda ulug` ekani mo``tabar manbalarda bayon etilgan.

Alloh taolo Qur`oni karimning “Fajr” surasida: “Tonga qasam. (Zulhijja oyidagi avvalgi) o`n kechaga qasam.  Juft va toqqa qasam”, deb marhamat qilgan.

“Juftga qasam”dagi “juft”dan murod, zulhijja oyining o`ninchi kuni, “toq”dan murod esa to`qqizinchi kunidir. Imom Nisoburiy aytadilar: “Alloh taoloning ushbu o`n kechaga qasam ichishi, bu kunlarning nechog`lik sharafli va ulug` kunlar ekaniga dalolat qiladi va unda dunyoviy va uxroviiy manfaatlar borligini ko`rsatadi.

Hazrati Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Arafa kunining ro`zasi undan oldingi bir yil va undan keyingi bir yillik gunohlarga kafforat bo`lishini Allohdan umid qilaman”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Koronavirus pandemiyasi sabab karantin holatida hayit namozi o`qilmayotgani uchun qurbonlikni tong otgandan boshlab qilish joiz bo`ladi. Yurtdoshlarimiz hayit kuni bomdod namozini o`qiganlaridan so`ng, quyosh chiqqandan keyin 4 rakat Zuho namozini o`qib, keyin qurbonlik qilsalar, yanayam savobli bo`ladi. Qurbonlik qilish hayitning 3-kuniga qadar davom etadi.

Mavjud vaziyat taqozosidan kelib chiqib, Qurbon hayiti namozi ado qilinmasa ham bayram kayfiyatini saqlab qolish uchun Hanafiy mazhabining mo``tabar fiqhiy manbalaridan biri bo`lmish “Majma`ul anhur” kitobida shunday deyiladi:

اعْلَمْ أَنَّ صَلَاةَ الْعِيدِ قَائِمَةٌ مَقَامَ الضُّحَى فَإِذَا فَاتَتْ بِعُذْرٍ يُسْتَحَبُّ

أَنْ يُصَلِّيَ رَكْعَتَيْنِ أَوْ أَرْبَعًا وَهُوَ أَفْضَلُ

ya`ni: “Ma`lum bo`lsinki, hayit namozi Zuho (choshgoh) namozining o`rniga qo`yilgan. Qachonki, hayit namozi biror uzr sababli o`qilmay qolsa, ikki yoki to`rt rakat nafl namoz o`qish mustahab bo`ladi. To`rt rakat o`qigan afzal”.

Shunday ekan, Qurbon hayiti kunlarida savob ishlarni ko`paytirish, takbiri tashriq aytish, nafl ibodat qilish, poklanish, chiroyli kiyimlar kiyish, xushbo`ylanish, qurbonlik qilish, yaqinlariga hadyalar ulashish ayni savobli ishlardan bo`ladi.

Bayon etilgan shar`iy dalil va hujjatlardan kelib chiqib, O`zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi karantin sharoitida Qurbon hayitini nishonlash bo`yicha quyidagi tavsiyalarini e`lon qiladi:

O`zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi Islom dini manbalari, Respublika maxsus komissiyasi xulosalari va tibbiyot mutaxassislari tavsiyalariga tayangan holda 2020 yilgi pandemiya sharoitida Qurbon hayiti – Iydul adha namozini o`qish mo`min-musulmonlarning zimmasidan soqit bo`lishini ma`lum qiladi.

Qurbon hayiti kuni mo`min-musulmonlarga o`z xonadonlarida quyosh terak bo`yi ko`tarilgandan keyin to`rt rakatli nafl namozi o`qishlari tavsiya etiladi.

Qurbon hayiti kuni imkoni bor yurtdoshlarimiz bomdod namozini o`qib, keyin qurbonlik qilishlari tavsiya etiladi. Qurbonlik go`shti uchga taqsimlanib, bir qismi – yaqin qarindoshlarga, yana bir qismi – kambag`al va muhtojlarga tarqatish, qolganini – oila ahliga olib qolish mustahabdir. Hammasini faqirlarga bersa yoki oilada ko`pchilik bo`lsa, uyda qoldirsa ham bo`ladi.

Bu yilgi Qurbon hayiti karantin sharoitida nishonlanayotgani inobatga olib, odamlar jamlanishiga sabab bo`ladigan urf-odatlarni tashkil etmaslik, uyma-uy yurib, turli xil azaxonliklar, ma`raka-marosimlarni o`tkazmaslik va qabristonlar ziyoratidan saqlanishni so`raymiz. Xonadonda, oila-a`zolari bilan birga Qur`oni karim oyatlaridan tilovat qilib, o`tganlarimiz ruhi poklariga baxshida etishni tavsiya etamiz.

Imom-xatiblar tomonidan bugungi pandemiya sharoitidan kelib chiqib, Qurbon hayiti xonadonlarimizga quvonch, yurtimizga fayzu baraka kirishi, bir-birimizga bo`lgan mehr-oqibatimizni yanada ziyoda bo`lishiga sabab ekani to`g`risidagi targ`ibot ishlari amalga oshirilsin.

Aziz yurtdoshlar, Allohning rahmati va barakoti yog`ilib turgan ushbu kunlarda, qalbimiz yumshab, ixlosimiz ortib turgan lahzalarda duo qilaylik. Xalqimizni, jonajon Vatanimizni ofatu kulfatlardan, baloyu qazolardan O`zi saqlab, hayotimizni bundan-da farovon qilsin.

Siz aziz yurtdoshlarimizdan belgilangan karantin qoidalariga qat`iy amal qilishingizni, o`zingiz va yaqinlaringizni ehtiyot qilishingizni so`rab qolamiz" deyiladi xabarda.

 

    Boshqa yangiliklar