O`zbekistonda joriy etilgan karantin cheklovlari joriy yilning 15 avgustiga qadar uzaytirildi.
Unga ko`ra, joriy yil 31 iyul, 1-2 avgust hamda 8-9 avgust (shanba va yakshanba) kunlari butun sutka davomida respublika miqyosida harakatlanish, avtotransport vositalarining, yo`nalishsiz taksilarning harakati TO`LIQ TO`XTATILADI.
Shu bilan birga, fuqarolarga kechiktirib bo`lmaydigan tez tibbiy yordam ko`rsatish (homiladorlik, tug`ruq, tana jarohati, OIV/OITS, onkologik yordam, nurlanish terapiyasi, gemodializ yordamini ko`rsatish, test va qon topshirish, jarrohlik amaliyoti zarur bo`lganda, inson sog`lig`iga va hayotiga xavf tug`dirayotgan boshqa holatlar) bilan bog`liq hollarda tibbiyot muassasasiga borayotgan va undan qaytayotgan shaxsiy avtotransport vositalari harakatlanishi uchun maxsus ruxsatnomalar talab etilmasligi belgilandi va shu munosabat bilan mutasaddilarga mazkur holatlarda fuqarolarning avtotransport vositalari harakatlanishiga to`sqinlik qilmaslik, zarur hollarda fuqarolarni manziliga etkazishda amaliy yordam ko`rsatish yuzasidan aniq ko`rsatma berildi.
Mazkur cheklov maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida harakatlanadigan avtotransport vositalariga hamda Respublika maxsus komissiyasining joriy yil 8 iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan Avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Mamlakatdagi epidemiologik vaziyat og`irlashganligi munosabati bilan, shuningdek, aholi o`rtasida koronavirus infeksiyasining tarqalish zanjirini uzish maqsadida hamda epidemiologlarning tavsiyalarini inobatga olgan holda, joriy yilning 31 iyul, 1-2 avgust hamda 8-9 avgust (shanba va yakshanba) kunlari quyidagilar tavsiya etiladi:
- aholiga — «o`zini o`zi yakkalash» hayot tarziga qat`iy rioya etgan holda o`z uylarida qolish;
- davlat organlari va muassasalari, xo`jalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlarga — xodimlarni ishga jalb etmaslik, xodimlarning ushbu kunlarda uyda qolishi uchun sharoit yaratish.






