Keling deyarli barchamizni bezovta qilayotgan muammo to`g`risida gaplashamiz. Bu surunkali charchoq sindromi. Bu holat organizmni virus va boshqa infeksiyalar oldida himoyasiz qilib qo`yadi.
Bu sindrom uzoq davom etgan charchoq bilan xarakterlanib, dam olgach ham o`tib ketmaydi. Bu sindromning rivojlanishi vegetativ nerv markazlari nevrozi, ya`ni jarayonlarni tormozlovchi faoliyat susayishi bilan bog`liq.
Jismoniy faoliyatning kamligi va emosional-intellektual zo`riqishning ko`pligi bu holatga olib keluvchi havf omildir. Katta shaharlarda yashovchilar, tadbirkorlar, ish faoliyati uchun yuqori javobgar kishilar (tibbiyot xodimlari, aviadispetcherlar, temir yo`l transporti operatorlari va b.) havf guruhiga kiradi. Noqulay sanitar-ekologik holat, surunkali kasalliklarga olib keluvchi omil sanaladi. Xuruj davrida apatiya, depressiya, agressiya, sababsiz ayblash hissi, qisman amneziya kabi belgilar bo`ladi.
Surunkali charchoq sindromining belgilari ko`p bo`lib, turli xil ko`rinishda bo`ladi. Asosan quyidagi belgilar bilan kechadi:
- to`liq tungi uyqudan so`ng dam olmaganlik hissi;
- sababsiz tez-tez bosh og`riqlari;
- kunduzgi vaqtlarda uyquchanlik;
- hatto jismoniy zo`riqishdan so`ng ham tezda uhlay olmaslik;
- motivasiyaning yo`qligi;
- sababsiz kayfiyatning yomonligi;
- infeksion kasalliklar bilan ko`p og`rish;
- allergik reaksiyalar;
- xotiraning susayishi, diqqatning pasayishi;
- faringit;
- bo`yin va qo`ltiq osti limfalari yallig`lanishi;
- tushunarsiz mushak og`riqlari;
Yuqoridagi belgilar boshqa kasalliklarda ham uchrashi mumkin. 6 oydan uzoq davom etgan charchoq va yuqoridagi belgilarning 4 tadan ortiq birga bo`lishini surunkali charchoq sindromi deb baholash mumkin.
Kasallik sabablari aniqlamagan. Vitaminlar, mikroelementlar etishmovchiligi, ovqatga nisbatan allergiya borligi, ortiqcha jismoniy va ruhiy zo`riqish, virusli infeksiyalar sabab bo`ladi, degan fikrlar bor. Bugungi kunda virusli va bakterial yuqumli kasalliklar ko`proq sabab bo`lishi aniqlangan. Bu qarashga ko`ra kasallika Epshteyn-Barr virusi, sitomegalovirus, 6 ta tip gerpes virusi, Koksaki virusi, S gepatit virusi, enteroviruslar va retroviruslar sabab bo`ladi. Surunkali charchoq sindromi odatda gripp kabi kasalliklardan so`ng boshlanadi.
Tekshiruvlarda kasallik vaqtida immunitet pasayishi aniqlangan.
Shuningdek, sut kislotasi oshishi, to`qimalarga kislorod borishi buzilishi, hujayralar mitoxondriyalari kamligi va faoliyati sustligi kabilar ham sabab bo`ladi, degan fikrlar bor.
Surunkali charchoq va mushaklardagi og`riqlar hujayralarda moddalar almashinuvining buzilishi bilan bog`liqligi to`g`risida fikr yuritishga asos bo`ladi. Bunday sindromga ega bemorlar qonida L-karnitin miqdori kamligi bu fikrga asos bo`ladi.
Ayrim olimlar holatga ichak mikroflorasi buzilishi ham sabab bo`ladi, degan fikrlarni ilgari suradi. Kolumbiya universitetining ma`lumotiga ko`ra surunkali charchoq sindromi bilan og`rigan bemorlarning 90 foizida ta`sirlangan ichak sindromi mavjud bo`lgan. 80 foiz bemorlarda esa ichak florasining tarkibi o`zgargan.
Davolash dam olish va jismoniy faoliyatni meyyorlashtirish, zo`riqtirish-parhez terapiya, davolash jismoniy tarbiya bilan birgalikdagi umumiy va mahalliy uqalash, autogen mashq va psixoterapiya, boshqa tinchlantiruvchi muolajalar va kislorod etishmovchiligini keltirib chiqaradigan kasalliklarni davolashdan iborat.






