27 iyuldan 29 iyulgacha O`zbekiston hududi atmosferadagi kuchsiz g`arbiy oqim harakati ta`sirida bo`ladi, natijada respublikada ob-havoning o`rtacha issiq va mamlakat hududining katta qismida quruq bo`lishi kutilmoqda, deya xabar bermoqda O`zgidromet.
Faqat O`zbekistonning tog`li va tog`oldi hududlarida, 28 iyul seshanba kuni esa Farg`ona vodiysining teksilik hududida ayrim joylarga qisqa muddatli yomg`ir yog`ishi, momaqaldiroq bo`lishi mumkin. Kunduzgi havo harorati 35-38 daraja bo`ladi, ayrim joylarda 40 darajagacha etadi.
30 iyul kuni Volgabo`yi hamda O`zbekistonning shimoli-g`arbiy hududlari ustida balandlikdagi siklon shakllanishi kutilmoqda, u 31 iyul kuni va avgustning birinchi kunlarida butun respublika hududidagi ob-havoning shakllanishiga ta`sir ko`rsatadi.
31 iyulda respublikaning barcha viloyatlarida ayrim joylarga, 1-2 avgust kunlari tog`li va tog`oldi tumanlarga qisqa muddatli yomg`ir yog`ib, momaqaldiroq bo`lishi mumkin. Kunduzgi harorat 33-36 darajagacha pasayadi, bu iyul oxiri — avgustning boshi uchun xos bo`lgan iqlimiy me`yorlarga yaqindir.
Ba`zi kunlarda respublika bo`yicha ayrim joylarda shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi mumkin.






