“Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida” Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqda Huquqiy axborot kanalida ma`lum qilindi.
Farmonga muvofiq, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash bo`yicha quyidagi kechiktirib bo`lmaydigan chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilandi:
* har bir oilaviy poliklinikalar va ko`p tarmoqli markaziy poliklinikalarda mobil guruhlar tashkil qilinadi hamda ular uchun soddalashtirilgan yo`riqnoma ishlab chiqiladi;
* laboratoriya tekshiruvi amaliyotiga xususiy sektorni jalb qilgan holda ekspress-test va immunoferment tahlili usullari kiritiladi;
* aholi tomonidan murojaat qilinganda hamda ularda kasallik belgilari aniqlanganda tezkorlik bilan koronavirus infeksiyasiga tahlil olish va tahlil natijalarini 3 kunlik muddatda ularni shaxsiy telefon raqamlari orqali xabardor qilish choralari ko`riladi;
* tibbiyot muassasalari o`rtasidagi axborot almashish tizimi soddalashtiriladi – hisobotlar turi, davriyligi va boshqa qog`ozbozliklar bilan bog`liq jarayonlar elektron tizimga o`tkaziladi.