Bu haqda Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev mu`lum qildi.
Ma`lumki avtomobil ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi “UZAUTOMOTORS” AJning joriy yil mart oyida bir qator engil avtomobillar narxini oshirishi saylovchilar va jamoatchilik vakillari tomonidan keng muhokamalarga sabab bo`ldi.
Deputatning yozishicha, mamlakatda raqobat muhitini yaxshilash, ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatish sohasida ishtirokchilar uchun teng imkoniyatlar yaratish investisiyaviy muhitni yaxshilashning muhim talabi ekanligini inobatga olib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi bir guruh deputatlar tomonidan mazkur soha o`rganilib, takliflar ishlab chiqilmoqda.
Shu munosabat bilan O`zLiDeP fraksiyasi a`zolari hisoblangan deputatlar R.Kusherbaev, D.G`aniev, N.Jumaev tomonidan “Parlament nazorati” shaklida Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi raisi N.Sh.Sharipovga tegishli deputatlik so`rovi yuborildi.
So`rovda Hukumat topshirig`i doirasida “UZAUTOMOTORS” AJ tomonidan “Raqobat to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni va sohani tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi, shu jumladan ishlab chiqarilayotgan avtomobillar tannarxi shakllanishi va narx qo`llanilishi asosliligi yuzasidan olib borilgan o`rganishlar va ko`rilgan choralar haqida asoslantirilgan axborot berish hamda qo`mitaning avtomobillar narxini aholining harid qobiliyatiga moslashtirish yuzasidan nuqtai nazarini bayon etish talabi qo`yilgan.