AsosiyJamiyat

Deputut yangi tuzilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining e`tiborini OTMlardagi yashirin “o`yin”larga qaratmoqchi

'Deputut  yangi tuzilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining e`tiborini OTMlardagi yashirin “o`yin”larga qaratmoqchi'ning rasmi

Har bir davlat ijtimoiy sohasining taraqqiyoti ta`lim tizimining, shuning ichida oliy ta`lim tizimining mukammallashishiga bog`likdir. Buning uchun esa oliy ta`lim sohasida qonun buzilishi va kamchiliklarni bartaraf etish, “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish bo`yicha kompleks tadbirlarni amalga oshirish eng dolzarb muammolarning biri hisoblanadi.

Bugungi kunda oliy ta`lim muassasalarining (OTM) o`quv-uslubiy, ilmiy, ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha faoliyatidan tashqari quyidagi yunalishlarda ham Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi e`tibor qaratishi lozim bo`lgan bir qator korrupsiogen holatlar kuzatilmoqda:

Oliy ta`lim muassasalari hududida tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish to`liq OTM rahbariyati tomonidan monopollashtirilgani, OTM hududida ovqatlanish maskanlari, kanselyariya va kompyuter xizmatlari, nashriyot, qo`shimcha mablag` keltiruvchi faoliyat yuzasidan ijara pullarni shartnomada kichik miqdorda ko`rsatish, amalda esa qolgan summani naqd holatda o`zlashtirish jarayoni;

OTMlarni ta`mirlash va yangi binolar qurilishi uchun ajratilgan mablag`larni o`zlashtirish, ta`mirlash uchun zarur bo`lgan mahsulotlarni tender hujjatlarini soxtalashtirish, o`ziga “qarashli” firmalar tomonidan tender yutib olinishini ta`minlash, qurilish materiallari uchun ajratilgan mablag`larni “tanish” korxonalarga pul ko`chirish yo`li bilan (narxlari oshirilgan holda) sotib olish va o`rtadagi farqni haq sifatida olish jarayoni;

OTMlarni moddiy texnik bazasini yangilash maqsadida sotib olinayotgan mahsulotlarni, OTM rahbariyatining yaqinlari va qarindosh tomonidan asos solingan korxonalardan bir necha barobar qimmat narxlarda xarid qilish, texnik xizmat ko`rsatish belgilanganidan ko`proq miqdorda mablag` ajratish;

OTM rahbarlari o`zlariga “yaqin” professor-o`qituvchilar va xodimlari nomiga pulli mukofot yozib, ma`lum qismini o`zlashtirish xolatlari;

Talabalar turar joylariga talabalarni joylashtirish hamda u erdagi tashkiliy masalalarga talabalardan qo`shimcha tarzda mablag` yig`ish jarayoni.

Kelitirib o`tilgan muammolar ro`yxati bu bilan cheklanmaydi. Bu kabi tizimli muammolar deyarli har bir OTM uchrab turishi Oliy va o`rta-maxsus ta`lim vazirligi uchun ham yangilik emas. Lekin yillar davomida bu muammolarni bartaraf etilmaganligi OTMlarning asosiy vazifasi bo`lgan sifatli ta`lim berishiga to`sqinlik bermoqda.  

 Yangi tuzilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan yuqoridagi kabi muammolarga ham e`tibor qaratib, ularni bartaraf etishda har bir OTM jamoasining fikrini yashirin tarzda o`rganilsa maqsadga muvofiq bo`lar edi. O`rganish natijalari ochiq holatda jamoatchilikka oshkor etilsagina bunday salbiy holatlar oldi olinardi. Zero koronavirus pandemiyasi ko`plab sohalar kabi ta`lim tizimidagi muammolarni yaqqol namoyon etib berdi. Bu muammolarni bugun bartaraf etmasak kelajak avlod bizni kechirmaydi.  

 

Muhammad VALIEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Adolat SDP fraksiyasi a`zosi

    Boshqa yangiliklar