O`zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmatining xabar berishicha, Alloh taolo ulug` qilgan Zulhijja oyida qilingan xatmi Qur`onlarning yakuniy tilovati va duosi muftiy Usmonxon Temirxon o`g`li hazratlari, ulamolar va hofizi Kalomullohlar ishtirokida ado etiladi.
Ushbu marosimni “Uzreport” telekanali orqali 30 iyul, arafa kuni kechki soat 21:00 da to`g`ridan-to`g`ri kuzatib, bahramand bo`lishingiz mumkin. Shuningdek, ITV internet telekanalidagi MuslimTV va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham onlayn namoyish etish rejalashtirilgan.
Xabarda aytilishicha, xalqimiz tomonidan ushbu kunlarda yakuniga etkazilayotgan xatmi Qur`onlar sanog`i (78) 150-33-44 raqamli telefon orqali kunu tun qabul qilinadi.
O`zbekiston musulmonlari idorasi barcha yurtdoshlarimizni mana shunday duolar mustajob bo`ladigan pallalarda o`lkamizga osudalik, baraka, ahli oilamizga tan-sihatlik, bemorlarga shifoi komil va katta tashvish bo`lib turgan koronavirus kasalligi tezroq daf bo`lishini Haq taolodan iltijo qilib so`rashga chaqirgan.






