Avvalroq 144 nafar yurtdoshlarimiz Rossiyaning Amur viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodi qurilishida ishlash uchun charter reys orqali uchib ketgani xabar qilingandi.
Shundan so`ng, ijtimoiy tarmoqlarda ushbu fuqarolar Rossiyaning aynan Amur viloyatida shu yilning iyul oyida o`zbekistonlik mehnat migrantlari ishtirokida tartibsizliklar yuz bergan tashkilotga jo`natilgani haqida izohlar qoldirilgan.
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi mazkur izohlarga bayonot berdi:
"O`zbekiston Respublikasining qator mas`ul tashkilotlari sa`y-harakatlari bilan erishilgan kelishuvga muvofiq, "labor migration" dasturiy majmuasida ro`yxatdan o`tgan fuqarolarimiz Amur viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodi qurilishida ishlash uchun jo`natilgan. Ularning Rossiyada ishlashi doimiy monitoring qilib boriladi. Ish beruvchi tashkilotning esa 13 iyul kuni o`zbekistonlik mehnat migrantlari ishtirokida tartibsizliklar yuz bergan tashkilotga aloqasi yo`q.
31 iyul kuni jo`nab ketgan 144 nafar hamyurtlarimizning O`zbekistondan samolyotda uchib borish, yashash, patent va boshqa xarajatlari ish beruvchi tomonidan to`lab berilishi, shuningdek, ularning oylik ish haqi o`rtacha 40 - 60 ming rublni tashkil etishi belgilangan.
Shu o`rinda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan turli asossiz ma`lumotlarni tarqatmasliklarini, ishonchsiz axborotlar bilan odamlarni chalg`itmasliklarini so`rab qolardik", deyiladi Agentlik bayonotida.
Shuningdek, ma`lum qilinishicha, RFning Amur viloyati Svobodny tumanidagi "Renaissance Heavy Industries" kompaniyasiga tegishli vaqtinchalik vaxta shaharchasida O`zbekiston fuqarolari ishtirokida yuz bergan hodisa O`zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi tomonidan nazoratga olingan, mazkur masala bo`yicha Rossiya Federasiyasi Ichki ishlar vazirligi va boshqa vakolatli organlari bilan muloqot boshlangan.






