Uchtepa tumanidagi uchta mahalla aholisi Toshkent viloyati tarkibiga o`tishga qarshi

Jamiyat 06.08.2020, 22:01
Uchtepa tumanidagi uchta mahalla aholisi Toshkent viloyati tarkibiga o`tishga qarshi

Toshkentning Uchtepa tumani yashovchilari uchta mahallani Toshkent viloyatining Zangiota tumani tarkibiga o`tkazishga qarshi chiqdi. Tuman hokimi Farhod Abdullaev ular bilan uchrashuvda poytaxt va viloyat chegaralarining o`zgarishi hozirda loyiha ekanini ta`kidlab, ushbu masalani shahar hokimi bilan muhokama qilishga va`da berdi.

Toshkentning Uchtepa tumanidagi «Ko`ksaroy», «O`rikzor» va «Zarafshon» mahallalari aholisi 6 avgust kuni o`z mahallalarining Toshkent viloyati Zangiota tumani hududiga o`tkazilishiga qarshi noroziligini bildirish uchun mahalla qo`mitasi binosiga to`plandi. Bu haqda «O`rikzor» mahallasi raisi Hasan Qalandarov va bir qancha fuqarolarga tayanib «Gazeta.uz» ma`lum qildi.

Chorshanba kuni O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Toshkent shahri va Toshkent viloyatining o`zaro chegaradosh bo`lgan tumanlari hududlarini o`zgartirish bo`yicha tayyorlangan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi Unda taklif qilinishicha, poytaxtdan Toshkent viloyatiga 1010 gektar, viloyatdan poytaxtga 10196 gektar er maydoni o`tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, Toshkent shahrida Yangi hayot tumani tashkil etilib, unga Sergeli tumanidan 1752 gektar, Bektemirdan 267 gektar, Zangiotadan qariyb 328, Quyi Chirchiqdan salkam 129, Yangiyo`ldan 263, O`rta Chirchiqdan 1346 gektar ajratiladi va Yangi hayot tumaninining hududi jami 4085 gektarga teng bo`lishi ma`lum bo`ldi.

Xaritada uchta mahalla — «Ko`ksaroy», «O`rikzor» va «Zarafshon» ajratilgan. Toshkent viloyatining Zangiota tumaniga o`tkazish rejalashtirilayotgan Toshkentning Uchtepa tumanidagi uchta mahalla. Foto: Google Maps va «O`zbekiston 24» telekanali.

Ushbu mahallalardan birida yashovchi hamda ismi sir bo`lib qolishni istagan fuqaro mazkur uchta mahalla avval bitta «O`rikzor» mahallasi tarkibida bo`lganini ta`kidladi. Uning so`zlariga ko`ra, tumanning bu qismini Toshkent viloyatiga o`tkazish bir qator sabablarga ko`ra noqulayliklarni keltirib chiqaradi.

«Zangiota tumaniga o`tkazilganidan keyin „O`rikzor“ tuman markazidan uzoqda bo`lib qoladi. Agarda gaz, elektr, suv bilan muammolar bo`lsa, muammolarni hal etish uchun Zangiotaga borishimizga to`g`ri keladi. Uchtepa tumanida biz 1-sonli Respublika klinik shifoxonasiga (Jukovskiy) yoki 16-shahar shifoxonasi (RShTYoIM) murojaat qilamiz, yangi tumanga o`tgandan keyin esa Zangiotaga borishimiz kerak bo`ladi», — deydi suhbatdosh.

Foto: Telegram.

U yangi tumanga o`tish propiska, kadastr hujjatlari, avtomobil hujjatlari va raqamlarini almashtirishga to`g`ri kelishini, bu esa qo`shimcha xarajatlarga olib kelishini aytib o`tdi.

Boshqa bir fuqaro «O`rikzor» mahalla qo`mitasiga uchta mahalladan 100 nafardan ortiq kishi kelganini ma`lum qildi. «O`zbekiston 24» telekanalida Toshkent va Toshkent viloyati chegaralari o`zgarishi to`g`risidagi lavha e`lon qilinganidan so`ng Telegram messenjerida maxsus guruh ochildi.

Uchtepa tumani hokimi Farhod Abdullaev aholi bilan uchrashuvda. Foto: Telegram.

«O`rikzor» mahallasi raisi Hasan Qalandarov aholi bilan uchrashuvga tumanning to`rtta sektor rahbarlari, jumladan, hokim Farhod Abdullaev etib kelganini aytdi. Uning so`zlariga ko`ra, hokim chegaralarni o`zgartirish to`g`risidagi taklif hozirda loyiha hisoblanishini ma`lum qilib, ushbu masalani Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev bilan muhokama qilishga va`da berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuvda Farhod Abdullaev masalani echishga va`da berib, odamlarga uylariga qaytish, chunki aholining to`planishi karantin qoidalarini buzishini hamda turli kasalliklarga chalinish xavfini vujudga keltirishini ta`kidlaydi.

Uchtepa tumani hokimiyati matbuot xizmati hozircha bu borada ma`lumotga ega emasligini ma`lum qildi.

Mamlakat rahbariyati nomiga maktub

Uchta mahalla aholisi prezident, bosh vazir, qurilish vaziri, parlament palatalari rahbarlari, poytaxt va tuman hokimlari nomiga jamoaviy murojaat (petisiya) yo`lladi. Maktubda nima uchun bunday qarorlar ushbu hududlarda istiqomat qiluvchi aholi fikrini inobatga olmagan holda qabul qilinishi so`ralgan.

Bundan tashqari, ta`kidlanishicha, «O`rikzor» mahallasi Toshkent viloyati bilan tabiiy chegaraga ega, ya`ni Sharqiy va Janubiy tomondan, mos ravishda Qoraqamish va Bo`zsuv kanallari bilan o`rab olingan. «O`rikzor» mahallasi Toshkent viloyati tarkibiga kiritiladigan bo`lsa, mahalla aholisi o`z viloyati yoki tumani ichida harakatlanishi uchun shaharga chiqishga majbur bo`ladi.

Aholi, shuningdek, qaysi xorijiy tajriba asosida shahar chegarasining belgilanishi xalqa yo`lning joylashuvidan kelib chiqib amalga oshirilishi haqidagi savolni o`rtaga tashladi.

Qayd etilishicha, «O`rikzor» mahallasi O`zbekiston mustaqillikka erishgan davrdan beri Toshkent shahri hududi tarkibida bo`lib kelgan. Bu erga aholi ko`chib kelishi, uy-joy yoki tadbirkorlik faoliyati uchun ob`ekt xarid qilishida, hududning Toshkent shahri tarkibida ekanligi asosiy faktorlardan biri bo`lgan. Mahallaning Toshkent viloyati tarkibiga o`tkazilishi, iste`molchi, ya`ni uy-joy yoki ob`ekt xarid qilgan fuqarolarning haq-huquqi buzilishiga sabab bo`ladi.

«Muhtaram Shavkat Miromonovich, „O`rikzor“ mahallasi aholisi Siz tomoningizdan so`nggi yillarda olib borilayotgan siyosatni va ulkan islohotlarni qo`llab-quvvatlab kelishini, xalq manfaatlari yo`lida jon kuydirib olib borayotgan mehnatingizni yuqori baholashini ma`lum qiladi hamda O`zbekistonning rivojlanishi yo`lida o`zining barcha kuch va salohiyatini safarbar qilayotganini ishonch bilan ta`kidlaydi. Shu bilan birga, ayrim mutasaddi rahbarlarning mantiqsiz, hech kimning fikrini inobatga olmasdan o`zboshimchalik bilan ishlab chiqayotgan takliflarini mamlakatimiz ravnaqi yo`liga to`siq va to`g`anoq bo`layotganini ham qayd etib o`tish lozim», — deyiladi murojaatda.

Petisiyada aholi prezidentdan ushbu masalani adolat bilan ko`rib chiqish, mahalla hududida istiqomat qiluvchi aholining fikrini inobatga olgan holda, «O`rikzor» mahallasini Toshkent shahri tarkibida qolishi bo`yicha qaror qabul qilishinini so`radi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1