1

Qashqadaryoda Ichki ishlar vaziridan yordam so`ragan blogerlarning uyi tintuv qilindi

Jamiyat 07.08.2020, 15:04
Qashqadaryoda Ichki ishlar vaziridan yordam so`ragan blogerlarning uyi tintuv qilindi

6 avgust kuni Qashqadaryo viloyati Yakkabog` tumani IIB xodimlari «Nasafnews»ning jamoatchi muxbiri, bloger Maqsud Muzaffarov va “Yakkabog` 24” telegram kanali blogeri Kamil Faxritdinovlarning xonadonlarini tintuv o`tkazdi.

Blogerlarning 18 iyun kuni tumandagi “Istiqbol” dehqon bozori yaqinida ayrim shaxslar tomonidan kaltaklangani haqidagi video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Voqealar rivojida Maqsud Muzaffarov Ichki Ishlar vaziri Po`lat Bobojonovdan yordam so`rab murojaat qilgandi.

– Tintuvni Shahrisabz shahar prokurori B.Bekbo`taevning sanksiyasi asosida Yakkabog` tuman IIB huzuridagi tergov bo`limi tergovchisi D.Poyonov olib bordi, – deydi biz bilan suhbatda M.Muzaffarov. – Asos sifatida Husniddin Rahmatovning arizasiga ko`ra ishga doir narsalar, videotasvirlar yoki boshqa hujjatlar bor bo`lishi mumkinligi ko`rsatildi. Lekin o`zaro janjal tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda mavjud. Holatni to`la ochib beradigan videoni ijtimoiy tarmoqlarga qo`yishga majbur bo`lganmiz. Bugun jabrlanib turib ayblanuvchi bo`lib qolyapmiz. Po`lat Bobojonovdan yordam so`rab murojaat qilganimdan keyin IIB xodimlari himoyasidaligimizni ta`kidlashgandi. Biroq bugun soxta ariza orqali uyimizni tintuv qilishdi. Homilador rafiqam va onamga bu holat yomon ta`sir qildi. Nega karantin davrida karantin qoidalariga amal qilmasdan tintuv qilishganini umuman tushunolmadim. Hech birida rezina qo`lqop mavjud emasdi. Karantin tartibi 15 avgustga qadar cho`zilgan bo`lsa.

 

– Men videoda ko`rganlarizdek, 18 iyun kuni bir guruh odamlarning “tolpa”siga qoldim, lekin bugun tintuv bizni xonadonda bo`lyapti, – deydi Kamil Faxritdinov. – Lekin tergovchi videtasvirda sana yozilganiga, aniqrog`i avtouyushma a`zolari tomonidan kaltaklanganimiz sanasi 18 iyun deb ko`rsatilganiga, Husniddin Rahmatovning bizni urgani tasviri videoda mavjudligiga qaramay, “17 iyun” kuni deb boshlanuvchi “ertak” asosida tintuv o`tkazgani dilni xira qildi. Axir videotasvir aldamaydi, qo`lda gips yo`qligi ko`ringandi. Qolaversa, siniq qo`l bilan qanday qilib urganini so`rashmadimikan? Bugungi tintuvdan ko`zlangan aniq maqsadni tushunolmadim. Yoki xalqning muammolarini ko`tarib chiqqanimizdamikan asosiy muammo?

Holat bo`yicha tergovchi D.Poyonov bilan suhbatlashishga urinib ko`rdik. Biroq u kishi IIB xodimlarining muomala odobi talablariga amal qilmasdan, qo`pollik bilan jurnalistga nima sababdan tintuv qilganini ham, qaysi qonunga asosan ma`lumot berolmasligini ham, ma`lumot olish uchun kimga murojaat qilish lozimligini ham to`g`ri tushuntirmasdan ketib qoldi.

Ketib qolishiga sabab, balki qat`iy karantinda ko`pchilik bo`lib tintuvga talab darajasida niqoblanmasdan kelganligimi, tergov ishi ochilgani muddati cho`zilib ketayotganligimi, tintuv paytida tasvirga olish apparati quvvati tugab qolganimi, ochig`i bilolmadik.

Bizga ushbu tergov ishi tezroq adolatli o`rganib chiqilishi, adolat qaror topishi muhim. O`ylaymizki, blogerlik faoliyatining ushbu tintuvga umuman aloqasi yo`q. Zero, har kim erkin ma`lumot olish va tarqatish huquqiga ega! Qolaversa, hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich erkin va adolatli fikrni qo`llab-quvvatlamoqda!

Ichki ishlar vazirligi mutasaddi rahbarlari ushbu holatni o`z nazoratiga olishsa maqsadga muvofiq bo`lardi!

O`roljon Kamolov,
«Nasafnews» muxbiri

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1