"Suv bu — obi hayot" Ijtimoiy tarmoqlarda trendga chiqqan "bog`cha opa" qaysi MTTda ishlashi aniqlandi. Unga jazo qo`llanildi

Jamiyat 08.08.2020, 16:03
"Suv bu — obi hayot" Ijtimoiy tarmoqlarda trendga chiqqan "bog`cha opa" qaysi MTTda ishlashi aniqlandi. Unga jazo qo`llanildi

Sal avval ijtimoiy tarmoqlarda mashg`ulotni tasvirga olishga halaqit bergan farzandlarini urishayotgan tarbiyachi haqida videorolik tarqaldi va keng muhokamalarga sabab bo`lgan edi. 

Ayni paytda Maktabgacha ta`lim vazirligi ushbu tarbiyachi va holat yuzasidan munosabat bildirdi va quyidagilarni ma`lum qildi:

Maktabgacha ta`lim vazirligi tomonidan rolikdagi ayol Namangan viloyati, Chortoq tumani 7-sonli maktabgacha ta`lim tashkiloti tarbiyachisi Hilola Nurmatova ekanligi aniqlandi.

H. Nurmatova 1982 yilda tug`ilgan, ma`lumoti oliy. Maktabgacha ta`lim tizimida bir necha yildan beri ishlab keladi. O`tgan davr mobaynida u tomonidan hech qanday nojo`ya harakatlar amalga oshirilmagan va ish beruvchi tomonidan ijobiy ta`riflanadi. Karantin sharoitida H. Nurmatova masofadan o`qitish usulini o`zlashtirgan holda, bir necha oy mobaynida, haftasiga 4-5 martadan tarbiyalanuvchilar uchun videomashg`ulotlar o`tib kelgan.

Yoz mavsumi boshlanishi MTT larda sog`lomlashtirish davri hisoblanib, tartibga ko`ra bu vaqtda faol ta`lim jarayoni to`xtatiladi. Ammo bir necha tashabbuskor tarbiyachilar, ular qatorida H. Nurmatova ham, tarbiyalanuvchilarning bo`sh vaqti mazmunli va foydali o`tishi uchun videomashg`ulotlarni davom ettirishga qaror qiladilar.

Joriy yil 15 iyul kuni uy sharoitida videomashg`ulotni yozib olish jarayonida H.Nurmatova o`z farzandlarini tarbiyachi kasbiy etikasiga zid ravishda, qo`pol tarzda koyib tashlaydi . Bu holat aks etgan rolik keyin tayyorlangan videomashg`ulot o`rniga, yanglish ravishda MTT telegram guruhiga joylanadi va tezda o`chirib tashlanadi. Shunga qaramay yanglish joylanib, o`chirilgan rolik oradan 11 kun o`tib ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketadi.

Holatni o`rganish jarayonida o`sha kuni H.Nurmatova videomashg`ulotni bir necha marta yozib olishga uringani ma`lum bo`ldi. Ammo ish bilan uy vazifalarini bir vaqtda bajarish majburiyati, jumladan bolalar harxashasi hissiy muvozanatdan chiqib ketishi, natijada nazoratni yo`qotgan holda ovozini balandlatishiga sabab bo`lgan.

Bu voqea Chortoq tumani maktabgacha ta`lim bo`limi hamda Namangan viloyati Maktabgacha ta`lim Boshqarmasi tomonidan atroflicha o`rganib chiqildi va ma`lum xulosalarga kelindi.

Tarbiyachi H.Nurmatova kasbiy etika qoidalarini buzgani uchun unga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo`llanildi. Karantin yakunlanib , MTT lar faoliyati tiklangach 7-sonli MTT hamda Chortoq tumani maktabgacha ta`lim bo`limi tomonidan bu tarbiyachining pedagogik faoliyati monitoring qilib borilishi belgilandi.7-sonli MTT rahbariga esa ogohlantirish berildi.

Tuman MTB siga o`ziga tegishli hududda masofadan maktabgacha ta`lim xizmatini ko`rsatish jaryoni ustidan kuzatishni kuchaytirish, uning sifatini yaxshilash, maktabgacha ta`lim tizimi xodimlari uchun qulay sharoitlar yaratish bo`yicha tavsiyalar berildi, deyiladi Vazirlik xabarida. 

Shuningdek, Maktabgacha ta`lim vazirligi bolalarga nisbatan har qanday qo`pol munosabatga qarshi ekanligini ma`lum qilgan. Bundan tashqari, Vazirlik fuqarolardan o`zi uchun yangi va noodatiy bo`lgan  masofadan ta`lim jarayonini olib borayotgan pedagoglar sharoiti va holatini tushunishga harakat qilishlarini so`raydi.

Mavzuga doir:

"Suv bu — obi hayot" Ijtimoiy tarmoqlarda trendga chiqqan dars o`tayotgan o`qituvchi bo`yicha rasmiy munosabat bildirildi (video)

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1