1

Test sinovlari vaqti nega qisqardi? Nazoratchilar bodi-kameralar bilan ta`minlanadimi? DTM rahbari oydinlik kiritdi

Jamiyat 08.08.2020, 19:37
Test sinovlari vaqti nega qisqardi?  Nazoratchilar bodi-kameralar bilan ta`minlanadimi? DTM rahbari oydinlik kiritdi

Avval xabar berilganidek, bugun, 8 avgust kuni AOKA huzuridagi shtabda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Davlat test markazi ishtirokida brifing bo`lib o`tmoqda. Unda OTMlarda 2020-2021 o`quv yiliga tayyorgarlik masalalari bo`yicha savollarga javob berilmoqda.

Quyida ana shu savol-javoblarning ba`zilarini keltiramiz:

-- Agar karantin 15 avgustdan so`ng yana uzaytirilsa, test sinovlari qoldiriladimi?

Majid Karimov, Davlat test markazi direktori: 

-- Agar karantin 15 avgust yoki 30 avgustda bekor qilinsa, test sinovlari 2 sentyabrda boshlanadi. Biz 2 sentyabrgacha pandemiya bilan bog`liq vaziyat barqarorlashidan umidvormiz. Agar karantin uzaytirilsa, albatta test qoldiriladi. Chunki birinchi navbatda, abiturientlar salomatligi turadi".

-- Test sinovlari uchun abiturientlarga qancha vaqt beriladi? 

--  Test sinovlari uchun abiturientlarga 2 soat vaqt beriladi. Abiturientlar 2 ta fandan jami 60 ta test savoliga javob topadi.

-- Nima uchun test sinovlari vaqti 3 soatdan 2 soatga qisqartirildi?  

-- Chunki har yili test sinovlari uchta fandan o`tkazilar va uchta fanga uch soat vaqt berilar edi. Bu yilgi test sinovlari ikkita fandan o`tkaziladi. Sharoitdan kelib chiqib, qo`shimcha fanlar olib tashlandi. Bundan tashqari, test sinovlari ancha soddalashtirilgan va osonlashtirilgan

-- Barcha test sinovlari stadionlarda o`tkaziladimi?

-- Ha, ta`lim shaklidan qat`iy nazar, kunduzgi, kechki yoki sirtqi — barchasi ochiq stadionlarda o`tkaziladi.

Ertalabki smenalar soat 8:00da boshlanib, 10:00da tugaydi, kechki smenalar esa soat 17:00da boshlanib, 19:00da yakunlanadi.  

Abiturientlarga bir martalik himoya vositalariga qo`shimcha ravishda kepkalar ham tarqatiladi.  

-- Test sinovlarida nazoratchilar bodi-kameralar bilan ta`minlanadimi?

-- Biz albatta bu bo`yicha Respublika maxsus komissiyasiga taklif kiritamiz. Test sinovlarining shaffof o`tishi, keyinchalik imtihon jarayonlariga taalluqli biror muammoni muhokama qilishga to`g`ri kelib qolsa, asos va isbotlar kerak bo`lishi nuqtai nazaridan, buni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

-- Abiturient test sinovlari kuni haqida qanday xabardor qilinadi?

-- Test sinovlaridan 10 kun oldin Davlat test markazining saytida har bir abiturientning shaxsiy kabinetida DTM hujjati qo`yiladi. Har bir abiturient ro`yxatdan o`tganda ko`rsatgan telefon raqamiga bu haqda xabar beriladi.

Har bir abiturient test topshirish joyi sifatida qaerni ko`rsatgan bo`lsa, test sinovlarini o`sha joyda topshiradi. Davlat test markazi bazadagi ma`lumotni o`zgartirish huquqiga ega emas.

Manba: AOKA 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1