Toshkent shahrida 2020 yilning 3 avgust kuni soat 22:40 da, Yakkasaroy tumani Bobur ko`chasida Xitoy Xalq respublikasi fuqarosi 24 yoshli D.Ya. ismli ayol “Lacetti” avtomashinasida to`xtab turgan vaqtida noma`lum shaxslar uning avtomashinasiga o`tirib oladi.
Uni har xil so`zlar bilan chalg`itib, avtomashinasidagi sumkasi, uni ichidagi fuqarolik pasporti, haydovchilik guvohnomasi, 5.000 AQSh dollari, 2.000.000 so`m pullari, qo`l soati va Xitoy banklariga tegishli bank kartalarini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib, hodisa sodir bo`lgan joydan yashiringan.
IIV huzuridagi Tergov departamentining ma`lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani bo`yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo`linmasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “v” bandi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib dastlabki tergovga kirishilgan.
Olib borilgan dastlabki tergov va tezkor-qidiruv harakatlari natijasida mazkur jinoyatni 23 yoshli M.S. va 25 yoshli M.A., lar sodir etganligi aniqlanib, ulardan ashyoviy dalil tariqasida 3.400 AQSh dollari o`rnatilgan tartibda olingan.
M.S. va M.A., lar ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi extiyot chorasi qo`llanilgan.
Hozirda jinoyat ishi bo`yicha dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.






