AOKA huzuridagi shtabda bo`lib o`tgan brifingda Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi matbuot kotibi Saodat Boymirzaeva bu holatni quyidagicha izohladi:
-- Chirchiq shahri hokimligi tomonidan mazkur holat tafsilotlari bo`yicha e`lon qilingan rasmiy ma`lumotga ko`ra, Chirchiq shahrida faoliyat yurituvchi xususiy tadbirkor tomonidan xayriya tarzida taqdim qilingan 160 dona kolbasa va 160 dona qolipli non mahsulotlari “Saxiy insonlar birlashamiz” guruhi tomonidan “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig`ini hududidagi umumiy yotoqxonada yashovchi fuqarolarga tarqatilgan.
“Saxiy insonlar birlashamiz” guruhi rahbari Otabek Hamdamov mazkur xayriya tashubbusini amalga oshirish, xayriya mahsulotlarini aholi uylariga etkazib berishda mahalla vakillari ishtirokini ta`minlash maqsadida “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig`iniga murojaat qilgan hamda mazkur murojaat asosida aholiga kolbasa va non mahsulotlarining tarqatilish jarayonlarida mahalla vakillari ham ishtirok etishgan.
Ammo ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda tushunib-tushunmasdan kolbasa mahsulotlari bevosita, to`g`ridan-to`g`ri mahalla xodimlari tomonidan taqdim etilgani aytilmoqda.
Shu bois yana bir bor ijtimoiy tarmoqlarda ma`lum bir holat yuzasidan xabar qoldirayotgan, unga munosabat bildirayotgan yurtdoshlarimizdan, avvalo, mavzu tafsilotlarini chuqur o`rganib, keyin muayyan xulosaga kelishlarini so`rab qolardik.
Hozirda yuqorida keltirib o`tilgan holat yuzasidan Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan tergovdan oldingi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






