Nurafshon shahridagi 57-umumiy o`rta ta`lim maktabining 11-sinf bitiruvchisi Abdurashid Abdurahmonov yakuniga etgan 2019/2020 o`quv yilida maktabni tamomlab, Toshkent shahridagi uchta xalqaro oliy ta`lim muassasalariga hujjatlarini topshirdi va har uchala oliygohga qabul qilindi. Bu haqda Toshkent viloyat hokimligi yozmoqda.
Abdurashid Abdurahmonov xalqaro oliy ta`lim muassasalarining poytaxtimizdagi filiallariga abiturientlardan hujjatlar qabuli boshlanganini katta quvonch bilan qarshiladi. Shahodatnomani olgan zahoti Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Buyuk Britaniyaning Kembrij xalqaro kolleji va AQShning Vebster universitetining Toshkentdagi filiallariga hujjatlarini topshirdi.
Avvalo, IELTS sertifikati, qolaversa, intellektual salohiyati boisdirki, ingliz tilida yozgan insholari e`tirof etilib, har uchala oliygohga ham o`qishga qabul qilindi.
Tahsilni Vebster universitetida davom ettirmoqchiman, – deydi Abdurashid Abdurahmonov. – Vebster universitetida biznes menejmenti mutaxassisligi bo`yicha ta`lim olaman. To`rt yillik tahsilni tamomlagandan so`ng esa Londondagi SouthBank universitetida magistraturani davom ettiraman.
Abdurashid Abdurahmonovning kelgusi o`qishlarida muvaffaqiyat tilaymiz.






