Bugun, AOKA press-xolida 2020 yilning 12-13 avgust kunlari yoshlar huquqlarini himoya qilish masalalariga bag`ishlab o`tkaziladigan Samarqand veb-forumini tashkil etish yuzasidan matbuot anjumani bo`lib o`tmoqda.
Unda ishtirok etgan Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ushbu veb-forumining yoshlarga, O`zbekistonga nima berishi haqida quyidagilarni gapirib berdi:
— Bu forumning beshta natijasi bo`ladi deb ayta olaman:
🔹Birinchidan, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tashabbuslarini ro`yobga chiqarishda xalqaro darajadagi muhim qadam bo`ladi.
🔹Ikkinchidan, O`zbekistondagi yoshlarga oid davlat siyosatining tendensiyalari, natijalarini butun dunyo afkor ommasiga ko`rsatish bo`ladi.
🔹Uchinchidan, yoshlar huquqlari to`g`risidagi Konvensiya loyihasini maromiga etkazishda muhim poydevor bo`ladi. Chunki Forumda Amerika, Osiyo, Afrika, Evropa va Avstraliya qit`asidan ishtirokchilar qatnashadi, ular loyihaga o`z munosabatlarini bildirishadi.
🔹To`rtinchidan, ushbu tadbir O`zbekistonning xalqaro maydondagi imiji, nufuzi, mavqeini oshirishga xizmat qiladi.
🔹Beshinchidan, O`zbekiston yoshlari birinchi marta xalqaro norma ijodkorligi jarayonida bevosita ishtirok etadi.






