AsosiyJamiyat

ShHT Bosh kotibi: Samarqand forumi dolzarb va o`z vaqtida tashkil etildi

'ShHT Bosh kotibi: Samarqand forumi dolzarb va o`z vaqtida tashkil etildi'ning rasmi

Inson huquqlari bo`yicha Samarqand veb-forumini o`tkazish nihoyatda dolzarb va o`z vaqtida amalga oshirilgan tashabbusdir, deydi Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Vladimir Norov.

Uning ta`biri bilan aytganda, "dunyodagi aksariyat mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga va aholisi sog`lig`iga sezilarli ziyon etkazgan" koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan sharoitlar bilan bog`liq. 

V.Norov Samarqand forumining ochilish marosimidagi chiqishida "ma`naviy-ruhiy va jismoniy salomatlik, ta`lim, kasbiy rivojlanish va fuqarolik faolligi nuqtai nazaridan yondashganda, hozirgi inqirozdan yoshlar hammadan ko`proq jabr ko`rdi", deya qayd etdi. 

ShHT Bosh kotibining fikricha, "bugun mamlakatlarimizdagi yoshlar davlat, xalqaro hukumat va nohukumat tashkilotlarining navqiron avlod vakillarini qo`llab-quvvatlash, huquq va erkinliklarini himoya qilish, yoshlarning ijodiy salohiyatidan mamlakatlarimiz manfaatlari yo`lida foydalanish borasida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, tashkiliy va huquqiy choralar ko`rish orqali ko`rsatadigan yordamiga har qachongidan ham ko`proq muhtoj" ekanini ta`kidlash lozim.

"Bugun er yuzi yoshlarining qariyb yarmi yoki 800 million nafar kishi Shanxay hamkorlik tashkiloti makonida istiqomat qiladi. Mamlakatlarimiz yoshlari o`zlarining shijoati, novatorligi va yangi g`oyalari bilan ShHTning kelgusi taraqqiyot yo`lida, faoliyatining turli jabhalarida muhim tayanch hisoblanadi. Xuddi shu bois yoshlar hamisha bizning Tashkilot diqqat markazida turadi", dedi V.Norov.

 

 Ayni paytda Samarqand forumida O`zbekiston Prezidentining BMT 72-sessiyasidagi tashabbusi asosida ishlab chiqilgan Yoshlar huquqlari bo`yicha xalqaro konvensiya loyihasi matni ko`rib chiqilmoqda.

Konvensiya loyihasini tayyorlash borasidagi ishlar ikki yildan ko`proq vaqt davom etdi. O`tgan davrda ushbu sohada to`plangan mintaqaviy tajriba va xorijiy mamlakatlarning ilg`or amaliyoti o`rganildi. Mintaqaviy va milliy darajalarda turli tadbirlar o`tkazildi.

 Hozirgi vaqtda Konvensiya matni Muqaddima va 26 ta moddadan iborat. Konvensiya muqaddimasida qay etilganidek, "barcha mamlakatlarda yoshlar rivojlanish maqsadlari uchun zarur bo`lgan asosiy odam resurslaridan biri va ijtimoiy o`zgarishlar, iqtisodiy rivojlanish hamda texnika taraqqiyotining asosiy ishtirokchilari" hisoblanadi.

Shu bilan birga, Konvensiyada "yoshlar globallashuv va axborot-kommunikasiya texnologiyalari jo`shqin rivojlanayotgan sharoitlarda jamiyatdagi yirik o`zgarishlarning o`tkazuvchilari, manfaatdorlari va jabrdiydalari hisoblanishi" ham alohida ta`kidlangan. Xuddi shu omillar Yoshlar huquqlari bo`yicha xalqaro konvensiyaning qabul qilinishini taqozo etmoqda.

 

 

 

    Boshqa yangiliklar