AsosiyJamiyat

Mahkumlarga nisbatan bosim va tazyiq o`tkazilishi mumkin bo`lgan holatlar oldi olinadigan bo`ldi

'Mahkumlarga nisbatan bosim va tazyiq o`tkazilishi mumkin bo`lgan holatlar oldi olinadigan bo`ldi'ning rasmi

So`nggi yillarda mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish yo`nalishida ko`plab qonun hujjatlari qabul qilindi. Ularning aksariyati sud, tergov jarayonida, tergovga qadar amalga oshiriladigan prosessual harakatlar davomida shaxsning huquq va erkinliklari to`liq ta`minlanishiga qaratilgan.

Bugungi kunda O`zbekistonda hayotga tadbiq etilayotgan huquqiy me`yorlar ko`plab xorijiy davlatlar tomonidan e`tirof etilmoqda.

Joriy yil 10 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni qabul qilindi. Unda sud-tergov faoliyati davomida amalga oshirilishi lozim bo`lgan qator o`zgartish va qo`shimchalar kiritilishi nazarda tutilgan.

Farmon bilan sud-tergov jarayonida yangi tartiblar o`rnatilmoqda. Xususan, tergovga qadar tekshiruv yoki tergovda ushlangan shaxsni va ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazoni o`tayotgan mahkumni tibbiy ko`rikdan o`tkazish, shuningdek, vaqtincha saqlash va tergov hibsxonalarida saqlanayotgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchini guvohlantirish ularning yoki advokatining iltimosnomasiga asosan 24 soat ichida vaqtincha saqlash va tergov hibsxonalari yoki jazoni ijro etish muassasalari tasarrufida bo`lmagan tibbiy muassasalar xodimlari tomonidan amalga oshirilishi shart, bunda harajatlar iltimosnoma kirituvchi taraf hisobidan qoplanishi belgilanmoqda.

Ya`ni ushbu tartib orqali tergovga qadar tekshiruv yoki tergovda ushlangan shaxs va ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazoni o`tayotgan mahkumlarga nisbatan hech qanday bosim yoki taz`yq o`tkazilishi mumkin bo`lgan hollar oldi olinmoqda, desak mubolag`a bo`lmaydi. Sababi ularga nisbatan zo`ravonlik holatlari ishlatilganligi to`g`risidagi murojaatlar ko`rilganda, bundan buyon mustaqil shifokor mutaxassislar tomonidan ko`rik o`tkaziladi.

Shuningdek, voyaga etmaganlar, birinchi va ikkinchi guruh nogironlari hamda pensiya yoshiga etgan shaxslarga nisbatan uch yildan ortiq bo`lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan qasddan sodir etilgan jinoyatlarga doir, shuningdek, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, buning uchun besh yildan ortiq bo`lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar bo`yicha qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo`llashga yo`l qo`yilmaydi.

Bu degani, tergovga qadar tekshiruv yoki tergov jarayonida ayb e`lon qilingan shaxs, agarda aholining yuqorida qayd etilgan qatlamlariga qirsa hamda uning sodir etgan jinoyati uchun jazo Farmonda belgilangan me`yorlarga to`g`ri kelsa, bunday holatda ushbu shaxs ochiqda, unga nisbatan boshqa tarzdagi ehtiyot chorasi (garov, munosib hul-atvorda bo`lish)  qo`llanilgan holda ishda ishtirok etadi.

Bundan tashqari mazkur hujjat o`laroq, jinoyat ishlarini sudda ko`rishni yanada takomillashtirish bo`yicha bir qator normalar joriy etilmoqda.

Jumladan, shaxsga e`lon qilingan ayblov, jinoyat ishi sudning qaysi instansiyasida ko`rilayotganligidan qat`iy nazar, yarashuv instituti doirasiga tushadigan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining moddasi yoki qismiga o`zgartirilgan hollarda yarashuv institutini qo`llash tartibini joriy qilish shular jumlasidandir.

Shu bilan birga jinoyat ishining tergovga tegishligigi institutini takomillashtirish bo`yicha qonun loyihasini ishlab chiqish ham ushbu Farmonda belgilangan.

 

Dilzodaxon Dovudova

Bosh prokuratura Akademiyasi katta o`qituvchisi

    Boshqa yangiliklar