AOKA huzuridagi shtabda Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot kotibi Shavkat Xo`jaqulov ishtirokida brifing o`tkazildi. Unda tizimga oid qator savollarga javoblar berildi.
Menga konsalting firma vakillari xorijiy universitetlarga hech qanday imtihonsiz, faqat pul to`lagan holda masofaviy yoki sirtqi o`qishni taklif etishmoqda. Firma vakillari birinchi kursdan so`ng hech qanday imtihonsiz o`qishni O`zbekistonga ko`chirishim mumkinligi yoki o`qishni tugatgach diplomim O`zbekistonda imtihonsiz tan olinishini ta`kidlashmoqda. Ularni gapiga ishonsam bo`ladimi?
— Hozirgi paytda ayrim jismoniy shaxslar hamda konsalting xizmatlari ko`rsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan xorijiy oliy ta`lim tashkilotlariga o`qishga kirish uchun hujjatlarni topshirish bo`yicha yoshlarimiz orasida targ`ibot tashviqot ishlarini olib borishmoqda.
Sizga taklif etilayotgan xorijiy oliy ta`lim tashkiloti diplomi O`zbekistonda tan olinishini uchun quyidagilarga e`tibor qarating:
Avvalo, oliy ta`lim muassasasi sifatida faoliyat yuritishga ruxsat beruvchi hujjati (lisenziyasi) bor-yo`qligini tekshirish lozim.
Keyingi eng muhim talab esa ta`lim muassasasi berayotgan hujjat ya`ni diplom o`zi joylashgan mamlakat hududida tan olinishi bilan bog`liq. Buning uchun esa oliy ta`lim muassasasi va uning ta`lim dasturlari vakolatli organlar tomonidan akkreditasiyadan o`tkazilganini tekshirib ko`ring.
Bundan tashqari, talabgor tanlagan OTMning o`qitish shakli va ta`lim dasturlari O`zbekiston qonunchiligiga mos kelishini o`rganishi kerak. Masalan, amaldagi "Ta`lim to`g`risida"gi qonunga ko`ra, bakalavriat kamida 4 yil, sirtqi ta`lim kamida 5 yil, magistratura esa kamida 2 yil muddat qilib belgilangan.
Shuningdek, pandemiya sababli yurtimizdagi oliy ta`lim muassasalarida ta`lim jarayonlari masofaviy shaklda tashkil etilgani niqobi ostida ko`plab konsalting tashkilotlari o`z reklamalarida "diplomi O`zbekistonda to`g`ridan-to`g`ri tan olinadi" kabi asoslanmagan ma`lumotlar bilan masofadan ta`lim beradigan xorijiy oliy ta`lim muassasalarini targ`ibot qilishmoqda.
Bu esa respublikamiz fuqarolariga noto`g`ri ma`lumotlar taqdim etilishiga va mazkur tarzda o`qib olingan hujjatlar O`zbekiston Respublikasida bugungi kunda amaldagi qonunchilikka muvofiq tan olinmasligiga olib keladi hamda fuqarolarning e`tirozlariga sabab bo`ladi.Shu o`rinda eslatib o`tamiz, mazkur masala bo`yicha abiturientlar yoki ularning ota-onalari o`zlarini qiziqtirgan savollar bilan Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining telegram boti (@Uztdibot) murojaat qilib, mutaxassislardan javob olishlari mumkin. Bugungi kunga qadar mazkur masala yuzasidan telegram botga murojaat qilgan 20 ming nafardan ortiq fuqarolarimizga javob qaytarildi. Ularga tegishli tavsiyalar berildi,
-deya tushuntirish berdi mutaxassis.






