Ijtimoiy tarmoqlarda Jondor tumanidagi 21-maktabda o`qituvchilarning majburiy mehnatga jalb etilayotganligi haqida xabar tarqalgan.
Mazkur ma`lumot Buxoro viloyati xalq ta`limi boshqarmasi tomonidan e`tiborga olinib, mavjud holatga aniqlik kiritish maqsadida tezkor o`rganishlar olib borilgan.
Aniqlanishicha, 14 avgust kuni maktab direktori yangi o`quv yiliga tayyorgarlik ko`rish va qilinadigan vazifalarni belgilab olish maqsadida jamoa rahbar xodimlari bilan yig`ilish o`tkazgan. Yig`ilishda xususan, maktab binosining tozaligi va obodonlashtirish ishlariga ham alohida to`xtalib, bu borada maktabning xo`jalik ishlari bo`yicha o`rinbosariga zaruriy ko`rsatmalar beradi va ishchi xizmatchilarning bu boradagi faoliyatlarini nazoratga olishni topshiradi.
Biroq maktabning o`quv ishlari bo`yicha direktor o`rinbosari shu kuni maktab o`qituvchilar guruhiga 17 avgust kunidan maktabda ish boshlanib, hamma tozalash va obodonlashtirish ishlariga jalb etilishi haqida xabar qoldiradi.
Vaziyatdan o`z vaqtida xabardor bo`lgan viloyat xalq ta`limi boshqarmasi tomonidan ushbu holat bartaraf etildi. Berilgan topshiriqlarni o`qituvchilarga noto`g`ri etkazganligi sababli o`quv ishlari bo`yicha direktori o`rinbosariga va nazoratni to`g`ri tashkil etmaganligi uchun maktab direktoriga nisbatan intizomiy jazo choralari ko`rildi.
O`qituvchilar o`z faoliyati doirasiga kirmaydigan ishlarga jalb etilmasligi, bu borada qonuniy javobgarlik talab etilishi borasida maktab jamoasi va tuman xalq ta`limi bo`limi xodimlari orasida tushuntirish ishlari olib borildi.






