Nafaqa yoshidaman, ijtimoiy ta`minot bo`limidan mehnat daftarchadagi hamma yillar bo`yicha ma`lumotnoma olib keling deyishdi. Mehnat faoliyatim 1978-2019 yillar. Qonun bo`yicha nafaqaga chiqish uchun arxivdan necha yillik arxiv ma`lumotlarini olishim kerak?
Ushbu savolga javob bergan «O`zarxiv» agentligi axborot xizmati rahbari Anvarjon Alievning ta`kidlashicha, Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 sentyabrdagi «Davlat pensiyalarini tayinlash va to`lash tartibini yanada takomillashtirishga yo`naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to`g`risida»gi 252-son qaroriga ko`ra:
Yoshga doir pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning arizasiga quyidagilar ilova qilinishi kerak: ish stajini, jumladan maxsus ish stajini tasdiqlaydigan hujjat; ish haqi to`g`risidagi ma`lumotnomalar.
Shu bilan birga ayol fuqarolar nafaqaga chiqyotgan vaqtlarida (agar 54 yoshdan bo`lsa) barcha oylik maoshlarini, (agar 55 yoshdan bo`lsa) bola parvarishlash davridagi oylik maoshlarini taqdim qilishlari shart.
Arxiv ma`lumotlarini taqdim etmasdan ish haqi miqdorini aniqlash:
- 2005 — 2016 yillar davri uchun — jamg`arib boriladigan pensiya tizimiga majburiy badallar to`g`risidagi ma`lumotlardan;
- 2016–2018 yillar davri uchun — fuqarolarning Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasiga o`tkazilgan sug`urta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reestri ma`lumotlaridan;
- 2019 yil uchun — fuqarolarning ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reestri ma`lumotlaridan;
Ish haqi to`g`risidagi ma`lumotlar qisman mavjud bo`lmagan hollarda mavjud bo`lmagan davrlar uchun ish haqini aniqlash uchun mintaqaviy koeffisient hisobga olinmasdan, qonun hujjatlarida tegishli davrlar uchun belgilangan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorlari qabul qilinadi.
Ishdagi tanaffuslar mavjudligidan qat`i nazar, oxirgi o`n yillik mehnat faoliyati davomidagi istalgan ketma-ket besh yil uchun (pensiya tayinlashni so`rab murojaat etgan kishining tanlovi bo`yicha) oylik ish haqi olinadi.
Pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxs tomonidan pensiya tayinlash uchun taqdim etilgan arizada ushbu bandning talablaridan kelib chiqqan holda u tanlagan besh yillik davr ko`rsatiladi.
Ushbu masalaga to`liq javob olishni istasangiz, tuman Pensiya jamg`armasi mutasaddi xodimlari tushuntirish ishlarini olib borishadi.






