Avval xabar qilinganidek, Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 17 avgust kuni xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarga munosib shart-sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash yuzasidan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi
Prezident Shavkat Mirziyoev mamlakatimiz elchixonalari o`zga davlatlardagi vatandoshlarimiz diasporalari bilan aloqalarni mustahkamlashi lozimligini alohida ta`kidladi. Yurtparvarlik, mehr-oqibat hissi bilan xorijdagi fuqarolarimizga yordam berib kelayotgan shaxslarni e`tirof etish, davlat mukofotlari bilan taqdirlash bo`yicha takliflar bildirildi.
Chet elda mehnat qilayotganlarni vatani bilan bog`lab turadigan eng katta vosita madaniyat ekanini inobatga olib, ular uchun shunday tadbirlarni ko`paytirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Shuningdek, televidenieda O`zbekiston elchixonalari va konsulliklarining xalq xizmatidagi faoliyatini keng yoritib borish tavsiya etildi.
Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligiga hokimliklar bilan birga xorijga ishlashga ketgan yurtdoshlarning oilasidan doimiy xabar olib, ota-onasining sog`lig`i, farzandlarining o`qishi va boshqa ehtiyojlariga ko`maklashish vazifasi qo`yildi.
Xorijda ishlab, malaka orttirib qaytgan fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash zarurligi ta`kidlandi. Shu maqsadda ular bilan manzilli ishlaydigan, moliyaviy qo`llab-quvvatlaydigan tizim yaratilishi belgilandi.
Buning uchun sektor rahbarlari, mehnat va mahalla idoralari vakillari o`z hududidagi shunday tashabbuskorlar ro`yxatini shakllantirib, ularning biznes loyihasi bilan tanishadi. Ro`yxatdan o`tishga ko`maklashib, 3 oygacha ijara to`lovlari bo`yicha subsidiya beriladi. Shuningdek, tadbirkorlikni boshlash uchun kredit resurslari ajratiladi hamda bank kreditlari ta`minoti bo`yicha sug`urta polisi xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi. Bu maqsadlarga Bandlikka ko`maklashish jamg`armasidan yil yakuniga qadar 25 milliard so`m, kreditlar uchun 100 milliard so`m ajratiladi.
Yana bir masala – xorijda ishlayotgan fuqarolarning mehnat stajini hisobga olish tizimida atigi 4,5 ming nafar kishi ro`yxatga olingan. Shu bois mutasaddilarga o`zini o`zi band qilgan shaxslarni ro`yxatga olish va mehnat stajini hisoblash tizimini migrantlar uchun ham tatbiq etish bo`yicha ko`rsatma berildi.
Bosh vazir o`rinbosarlariga tashkillashgan migrasiya bo`yicha iqtisodiy, moliyaviy va tashkiliy-huquqiy ko`mak tizimini joriy etish yuzasidan alohida dastur ishlab chiqish vazifasi topshirildi. Unda mamlakatimizda kasb va tilga o`rgatish, xorijda ishlash ko`nikmalarini shakllantirish, yo`lkira, patent, sug`urta, pensiya va kredit masalalari qamrab olinadi. Shuningdek, hukumatlararo komissiyalar doirasida xorijdagi yurtdoshlarimizga munosib sharoit yaratish, chet eldagi banklar orqali ularni kreditlash mexanizmlari nazarda tutiladi.
Yig`ilishda belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, viloyat hokimlari, elchilar axborot berdi.






