Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Yangiyo`l tumani Tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasi yuqumli kasalliklar bo`limining holati "nochor" ahvolda, bemorlarni davolash uchun dori-darmonlar berilmayapti, degan mazmunda tibbiyot xodimlari tomonidan qo`yilgan videolar tarqaldi.
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berishicha: "Aslida yuqumli kasalliklar bo`limi hozirgi kunda ma`nan eskirgan, ya`ni 1975 yilda qurilgan binoda faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu masala 2018 yilda respublikamiz Prezidenti tashrifi chog`ida ko`tarilgan bo`lib, yuqumli kasalliklar bo`limi binosi yaroqsizligi tufayli Yangiyo`l shahar, Toshkent shohko`chasi, 56-uy manzilidagi 4 qavatli zamonaviy binoni kapital rekonstruksiya qilib, ko`chirib o`tkazish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda ushbu binoda ta`mirlash va montaj ishlari 98 foizga yakunlangan bo`lib, atrofi obodonlashtirilgan. Har bir bemor uchun kislorod trubkalari montaj qilingan. Liftlar o`rnatilgan. Fasad va tom yopish ishlari tugallangan.
"OZODA MRT" MChJ tomonidan hozirgi kunda binoning ventilyasiya tizimini o`rnatish va ishga tushirish (puskonaladka) ishlari olib borilmoqda.
"Dori-darmon yo`q, berilmayapti" degan jumlalarga javoban ma`lum qilinishicha, yuqumli kasalliklar bo`limi xodimlari hamda bemorlar uchun ichki dorixona bo`limidan 2020 yil 27 iyul kunidan bugungi kunga qadar 40 turdagi 30,6 million so`mlik dori-darmon va bir martalik tibbiy anjomlar berilgan.
Shuningdek, SOVID-19 kasalligiga qarshi kurash uchun Yangiyo`l tumanida 3 oylik dori-darmon zaxirasi yaratilgan.
Bo`lim tomonidan 2020 yil 13 avgust kunidan buyon dori vositalari yoki tibbiy anjomlar talab qilib, murojaat etilmagan", deyiladi ushbu raddiyada. Hozirgi pandemiya, yuqumli virus keng tarqalgan bir paytda ayrim paytda shifoxonalarda bemorlar uchun zarur dori-darmonlar tanqisligi kuzatilishi tabiiy, bu kamiliklarni o`z vaqtida tuzatilishi va mutasaddilardan nazoratni yanada kuchaytirishlariga umid qilib qolamiz.






