Koreyadan O`zbekistonga ta`til olib kelgan edim. Koreyaga kirishga ruxsat berilgach, qaytib ketish uchun qanday jarayonlardan o`tishim kerak?
Ushbu savolga bugun AOKA huzuridagi shtabda o`tkazilgan brifingda ishtirok etgan Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi matbuot kotibi Ortiqxo`ja Norov quyidagicha javob qaytardi:
" Pandemiya davrida Koreya Respublikasi hududiga kirishga ruxsat olish uchun mazkur davlatga kirishdan oldin 14 kunlik majburiy karantin talablariga rioya qilish bo`yicha rozilik bitimida ish beruvchi bilan kelishgan holda karantin manzilini ko`rsatish shart. Karantin manzili ID kartadagi oxirgi ko`rsatilgan manzilga yaqin hududda bo`lishi talab etiladi. Shuningdek, bu ma`lumotlarni ta`tilga kelgan fuqarolar uchun ochilgan “@tatil2020” telegram manziliga koreys tilida yuborishingiz so`raladi.
Bundan tashqari, ish beruvchi bilan muntazam aloqada bo`lib turish hamda (www.eps.go.kr saytidagi) shaxsiy kabinet ma`lumotlarini tekshirib borish tavsiya etiladi. Shaxsiy kabinetdagi ma`lumotlar o`zgarsa, ya`ni mehnat shartnomasi ish beruvchi tomonidan bekor qilingan taqdirda, bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligiga xabar berishingiz so`raladi.
Mehnat shartnomasi bekor qilingan va viza amal qilish muddati tugamagan fuqarolar shartnoma rad etilgan kundan boshlab 1 oy muddatda Koreya Respublikasiga kirib borishi yoki Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Koreyadagi vakolatxonasiga (+8270 4252 2772) murojaat etishi lozim.
Shuningdek, Koreya Respublikasining O`zbekistondagi elchixonasi tomonidan tavsiya qilingan tibbiyot muassasalarida jo`nab ketishdan 48 soat oldin koronavirusga test topshirish belgilangan. Agar fuqaroda Koreya hududiga kirib borgach koronavirus infeksiyasi aniqlansa, u maxsus davolanish muassasasida o`z hisobidan davolanadi.
Fuqaro tomonidan noto`g`ri ma`lumotlar berilishi uning Koreya Respublikasi hududiga kirishi uchun taqiq qo`yilishiga sabab bo`lishi mumkin."






