AsosiyJinoyat

Fuqaro Hurram B. nega Qozog`istonda qo`lga olingan? Bunga Toshkent shahar IIBB izoh berdi

'Fuqaro Hurram B. nega Qozog`istonda qo`lga olingan? Bunga Toshkent shahar IIBB izoh berdi'ning rasmi

Internet tarmog`ida Qozog`iston Respublikasi hududida go`yoki jinoyat sodir etganlikda asossiz ayblanayotgan O`zbekiston Respublikasi fuqarosi 59 yoshli Hurram B.ning qo`lga olinganligi haqida xabarlar tarqalmoqda.

Mazkur fakt bo`yicha Toshkent shahar IIBB quyidagilarni ma`lum qildi:

"2013 yilning oxirida Toshkent shahar huquqni muhofaza qiluvchi organlariga fuqaro E.E. va F.P.lardan kelib tushgan arizada mazkur fuqarolar 2013 yilning avgust oyining oxirida ularga Chimkent shahrida (Qozog`iston Respublikasi) katta maosh to`lanadigan ish taklif qilgan bir guruh shaxslarga nisbatan chora ko`rishni so`radilar.

Jabrlanuvchilarga qonuniy ishga joylashish va`da qilingan. O`sha yilning o`zida o`zlarini “Mustaqil mardikorlar tashkiloti” vakillari sifatida tanishtirgan shaxslar E.E. va F.P.larni Chimkent shahriga olib ketishgan. Chimkentga etib borgach, ularning pasportlarini olib qo`yishgan va qurilishda ishlashga majbur qilib, va`da qilingan maoshni to`lashmagan. 

2013 yilning 19 dekabr kuni Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan jabrlanuvchilarning arizalariga asosan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135 moddasi (“Odam savdosi”) “b” bandi 2 qismi bo`yicha jinoiy ish qo`zg`atildi. Dastlabki tergov davomida mazkur jinoyatni sodir etganlikda gumonlanuvchi shaxslar aniqlandilar. Ular surxandaryolik 1961 yilda tug`ilgan Hurram B., Nuraddin D. va Faxriddin T. ekanligi ma`lum bo`ldi. Nuraddin D. va Faxriddin T.lar jinoiy javobgarlikka tortildilar. Hurram B.ga esa 2014 yilning yanvar oyida qidiruv e`lon qilindi.

2020 yilning fevral oyida Hurram B.ning turar joyi aniqlandi va Qozog`iston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamkorligida qo`lga olindi. 17 avgust kuni, karantin cheklovlari bekor qilingach, Hurram B. qonuniy chora ko`rilishi uchun O`zbekistonga etap qildirildi.

Shuningdek ma`lum qilamizki, Hurram B. O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135 moddasi “g” bandi 3 qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda. Unga qarshi boshqa hech qanday ayblov ko`zda tutilmagan", deyiladi IIBB izohida.

    Boshqa yangiliklar