Toshkent shahar Yashnobod tumanida 2 milliard pullarni o`g`irlagan jinoiy guruh qo`lga olindi, deya xabar bermoqda IIV huzuridagi Tergov departamenti Axborot xizmati.
Aniqlanishicha, 15 avgust kuni soat 21:30 dan 16 avgust kuni soat 17:30 gacha bo`lgan vaqt oralig`ida noma`lum shaxslar, MChJ binosining tashqi derazasi, shuningdek moddiy boyliklar saqlanadigan ombor eshigi va temir panjaralarini buzgan holda g`ayriqonuniy ravishda kirishib, temir seyfning qulfini temir kesish uskunasi yordamida kesib, seyfning ichida hamda hisobchilar xonasida bir necha sumkalarga solingan taxminan 2 milliard so`mdan ko`proq naqd pullarni yashirin ravishda o`g`irlab, hodisa joyidan yashiringanlar.
Mazkur holat yuzasidan zudlik bilan Toshkent shahar Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo`linmasi tomonidan noma`lum shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni oq rangli davlat raqamlari echib olingan “Lacetti” rusumli avtomashinada kelgan 6 nafar fuqarolar sodir etganliklari ayon bo`lgan.
Tergov harakatlari davomida mazkur jinoyatga aloqador yana 2 nafar fuqarolar aniqlanib, ular o`zaro oldindan jinoiy til biriktirib sodir etganliklari aniqlangan, ularning barchasini shaxsiga oid ma`lumotlariga aniqlik kiritilgan. Hozirda jinoyatchilar Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, prosessual tartibda ushlanganlar. O`g`irlangan pullar tergov jarayonida ashyoviy dalillar tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Tergov harakatlari davom etmoqda.






