Xabaringiz bor so`nggi kunlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobil narxlari bo`yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining tashabbusi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining qarori keng muhokama qilinayapti. So`nggi vaziyatga ko`ra, komissiya tomonidan mashinalar narxlarini tushirish bo`yicha berilgan ko`rsatmaga javoban "UzAuto Motors” AJ ayni paytda avtomobillarning narxlarini tushirish imkonsiz ekanligini ma`lum qildi.
Ayni paytda bir guruh deputatlar “UZAUTOMOTORS” masalasida korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktoriga deputatlik so`rovi kiritishdi. Bu haqda Rasul Kusherbaev ma`lum qildi:
"Bir guruh deputatlar Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan vakolat doirasida “UZAUTOMOTORS” AJda o`tkazilgan tekshiruv yakunlari bo`yicha olingan ma`lumot va hujjatlarda qonunchilik hujjatlarining buzilishi, korrupsion holatlar va iste`molchilarning huquqlariga putur etkazish kabi alomatlar ko`rinayotganligi sababli mazkur masalani alohida o`rganib, jinoyat alomatlari bor yoki yo`qligi yuzasidan huquqiy baxo berish va vakolat doirasida choralar ko`rish bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga hamda O`zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktoriga deputatlik so`rovi kiritishdi.
Deputatlik so`rovi deputatlar Rasul Kusherbaev, Doniyor G`aniev, Nodir Jumaev, Bekmirza Eshmurzaev, Zafar Jalolov, Anvarxon Temirovlar tomonidan imzolanib, yuborilgan"