AsosiyJamiyat

Sergelida yangi qurilgan uylar oldida zamonaviy maktab foydalanishga topshirildi

'Sergelida yangi qurilgan uylar oldida zamonaviy maktab foydalanishga topshirildi'ning rasmi

Bugun Toshkent shahar Sergeli tumani 9-qurilish hududida 1680 o`ringa mo`ljallangan 331-sonli maktabning tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. 

 Ta`kidlash lozimki, bu so`nggi yillarda qurilgan eng katta quvvatga ega maktablardan biri hisoblanadi. Mazkur maktabni qurish jarayonida Prezident maktablari, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug`bek nomidagi ixtisoslashgan maktablarining qurilish tajribasidan foydalanildi.    

Maktab shinam va sifatli mebellar, o`quv va laboratoriya uskunalari, kompyuterlar, zarur adabiyotlar va ko`rgazmali qurollar bilan to`liq ta`minlangan. Bu erda o`quvchilarning zamonaviy talablar darajasida bilim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

To`rt qavatli maktabda 48 ta sinf xonasi, shu jumladan 20 ta fan xonalari, 14 ta boshlang`ich sinf xonalar va 14 ta chet tili sinfl xonalari, to`liq jihozlangan kompyuter xonasi, kimyo, biologiya va fizika laboratoriyalari, shuningdek qizlar va o`g`il bolalar uchun alohida jihozlangan texnologiya xonalari hamda elektron kutubxona mavjud.

Xalq ta`limi vazirligi tomonidan mazkur maktabda ta`lim sifatini ta`minlash maqsadida Toshkentdagi eng talab yuqori bo`lgan maktab direktorlari orasida tanlov o`tkazilib, nomzodlar Kuzatuv kengashlari tomonidan tanlab olindi hamda o`qituvchilar esa test sinovlari asosida ishga qabul qilindi. Test sinovi natijasiga ko`ra eng yuqori ball to`plagan 65 nafar yosh, bilimli va tashabbuskor pedagoglar ishga qabul qilindi.

Tuman aholisi uchun yangi o`quv joylari va sharoitlarni yaratish bilan bir qatorda, ushbu maktabda o`qituvchilar va boshqa soha xodimlari uchun qo`shimcha ish o`rinlarini yaratmoqda, ularning aksariyati ushbu hududdagi yangi qurilgan ko`p qavatli binolarda yashaydi.

Eslatib o`tamiz, 2019 yilda Sergeli tumanida 4 yangi maktabning qurilishi boshlangan edi. Hozirda ularning uchtasi, ya`ni 329-, 330-, 331-sonli umumiy o`rta ta`lim maktablari foydalanishga topshirildi.

    Boshqa yangiliklar