Saudiya Arabistonining “UNA” axborot nashrida "Samarqand davlat universiteti ̶ Mirzo Ulug`bek madrasasining vorisi" mavzusida maqola e`lon qilindi. Bu haqda UzA yozmoqda.
Unda qadim tarixdan ilm-fan o`chog`i bo`lgan Markaziy Osiyo, xususan, O`zbekistonning dunyo ilm-fani taraqqiyotiga qo`shgan hissasi, ta`lim maskanlari, Mirzo Ulug`bek madrasasi va Samarqand davlat universiteti haqida so`z yuritiladi.
"Qadim tarixda Markaziy Osiyoda ilm-fanning taraqqiy etishi diniy va dunyoviy ilm olish istagida bo`lgan odamlarni Buxoro, Xorazm, Samarqand, Toshkent kabi shaharlarga chorlagan. Mintaqada madrasa ta`limi asosida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband, al-Xorazmiy, al-Beruniy, Ibn Sino, al-Farg`oniy, Mirzo Ulug`bek kabi mutafakkirlarning ilmiy-falsafiy qarashlari va bebaho ilmiy merosi yaratilgan. Bu madrasalarda dunyo ilm-faniga munosib hissa qo`sha olgan olimu ulamolar etishib chiqqan. Shu sababli, qadim davrlardan beri O`rta Osiyoda faoliyat ko`rsatgan madrasalar o`z davridagi oliy o`quv yurtlari, ya`ni universitetlar maqomiga ega edi, deyish mumkin. Tarixiy manbalarga ko`ra, X asrning oxiriga kelib Samarqandda 17 ta maxsus madrasalar bo`lgan... O`rta Osiyo mintaqasining buyuk sivilizasiyalari bir-birlarining mantiqiy davomi sifatida paydo bo`lgan va ushbu tamaddunning asosi bo`lgan madrasalar tizimi ham vaqt o`tishi bilan rivojlanib, takomillashgan. Shu ma`noda, Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug`bek oliy madrasasining bevosita vorisi hisoblanadi va uning tashkil topishi tarixi 1420 yildan, ya`ni Ulug`bek oliy madrasasi tashkil etilgan sanadan boshlanadi. Bu Samarqand davlat universiteti Ulug`bek madrasasining bevosita vorisi degan xulosaga olib keladi”, deyiladi maqolada.






