AsosiyJamiyat

"1-2 oy ichida kasallikni yangi yuqtirganlar soni keskin ortishi mumkin, agar..." Germaniyalik infeksionist o`zbekistonliklarni ogohlikka chaqirdi

'"1-2 oy ichida kasallikni yangi yuqtirganlar soni keskin ortishi mumkin, agar..." Germaniyalik infeksionist o`zbekistonliklarni ogohlikka chaqirdi'ning rasmi

Bir oydan beri Germaniyaning etakchi tibbiyot mutaxassislaridan biri, professor,  tibbiyot fanlari doktori Verner Ber “COVID-19”ning tarqalishini oldini olish bo`yicha konsultant sifatida Sog`liqni saqlash vazirligi qoshidagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabida bo`lib turibdi. 

Infeksionist, mikrobiolog, Germaniyaning mikrobiologik laboratoriyalarini akkreditasiya qiluvchi organi (DAkkS)ning eksperti bo`lgan Verner Ber O`zbekistondagi epidemiologik vaziyat bo`yicha fikrlari bilan o`rtoqlashdi hamda yurtdoshlarimizni ogohlikka chaqirdi.

– Bir oy davomida yurtimizdagi epidemiologik vaziyatni o`rganish imkoningiz bo`ldi. Uni qanday baholaysiz?

– Aslida bu mening O`zbekistonga ikkinchi tashrifim. Birinchi marta may oyida kelgandim. O`sha paytdagi va hozirgi vaziyatni taqqoslaydigan bo`lsam, ayni vaqtda yangi kasallanish holatlarining qayd etilishi sezilarli darajada oshdi. Shuningdek, o`z yurtim va O`zbekistondagi holatni taqqoslash imkoniyatiga egaman. Germaniyada koronavirusning birinchi qayd etilishi sizning mamlakatingizga qaraganda olti hafta oldin boshlangan. Ya`ni hozir O`zbekistonda kuzatayotganlarim Germaniyada 1-2 oy avval bo`lgan vaziyatga o`xshaydi. Ushbu taqqoslash imkoniyatining o`ziga xos afzalliklari va ijobiy tomonlari mavjud. Chunki men Germaniyada to`plagan tajribamni ma`lum vaqt siljishi bilan mos ravishda O`zbekistonda qo`llash imkoniyatiga ega bo`lganimdan mamnunman.

– Germaniya va O`zbekistonda odamlarning epidemiologik vaziyatni qabul qilishida farq kuzatdingizmi?

– Yo`q, aksincha. Odamlarning xatti-harakatlarini tahlil qilsak, ular Germaniyadagiga juda o`xshash. Ya`ni dastlab odamlar virus xavfini jiddiy qabul qilishdi, tartib-intizomga qat`iy rioya etishdi. Ammo vaqt o`tishi bilan fuqarolar bo`shashdi: oralaridagi ijtimoiy masofani saqlamay, niqoblarni to`g`ri taqmay qo`yishdi. Men hozir huddi shunga o`xshash vaziyatni bu erda ham kuzatmoqdaman. Kuni kecha mehmonxona derazasidan shunday holatni kuzatdim: favvora yonida yoshlar niqobni to`g`ri taqmagan va ijtimoiy masofani saqlamagan holda dam olishyapti.  

Afsuski, Germaniyada odamlar tartib-intizomga rioya qilishni unutgan o`sha paytda virusning qayd etilishi ancha o`sdi. Vaziyatdan foydalanib, yurtingiz aholisini ogohlikka chaqirmoqchiman. Agar orangizda shunday befarq odamlar ko`payadigan bo`lsa, 1-2 oy ichida kasallikni yangi yuqtirganlar soni keskin ortishi mumkin. Shuning uchun ham ehtiyot choralariga qat`iy amal qilishlari zarurligini aytmoqchiman. Vaziyatni nazorat qilish odamlarning o`z qo`llarida.

    Boshqa yangiliklar