Bir oydan beri Germaniyaning etakchi tibbiyot mutaxassislaridan biri, professor, tibbiyot fanlari doktori Verner Ber “COVID-19”ning tarqalishini oldini olish bo`yicha konsultant sifatida O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi qoshidagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabida bo`lib turgani haqida xabar berilgandi.
Mutaxassis yurtimizda koronavirusga chalingan bemorlar davolanayotgan shifoxonalar holati, antibiotiklar va ushbu kasallikning asoratlari haqida so`zlab berdi.
– Turli hududlardagi bemorlarni davolash jarayonida bevosita ishtirok etmoqdasiz. Bu bo`yicha fikrlaringiz qanday?
– Birmuncha muddat Samarqandda bo`ldim. Toshkent shahridagi “COVID-19”ni davolashga ixtisoslashgan klinikalarda ham shifokorlarga o`z fikrlarimni ma`lum qildim. Aytish lozimki, tibbiyot muassasalarida og`ir holatdagi bemorlarni davolash uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan. Ammo bu yangi virus va uni davolashda shifokorlarning tajribasi endi-endi oshib bormoqda. Bu yo`nalishda xorijlik, virus ancha oldin tarqagan davlatlar mutaxassislari bilan hamkorlik o`z samarasini bermoqda.
Eng achinarlisi, odamlarning o`z uylarida davolanishga intilishlari va qo`llanishi kerak bo`lmagan dori-darmonlarni qabul qilishlaridir. Natijada ular og`ir ahvolda reanimasiya bo`limlariga yotqizilishini kuzatdim.
– Uyda davolanganlar asosan antibiotiklarni tartibsiz qabul qilgan. To`g`rimi?
– Ha, buning oqibatida klinikaga kelgan bunday bemorlarda o`pka zararlanishi kuzatildi. O`ylaymanki, buning yana bir sababi, antibiotiklardan hamma o`zi bilganicha foydalanish imkoniyati mavjudligida. Dorixonalaringizda ularni bemalol sotib olish mumkin. Tabiiyki, ularni qabul qilish ketma-ketligi va kombinasiyasi ham mutlaqo buzilgan. Masalan, Germaniyada, umuman Evropada pnevmoniyaning u yoki bu shaklini davolash uchun shunga mos ko`rsatmalar mavjud. Afsus bilan aytish lozimki, Evropa davlatlarida qabul qilinadigan antibiotiklarning eng kuchlisi O`zbekistonda deyarli birinchi navbatda qo`llaniladi. Ya`ni bu erda davolanishni, ba`zida esa hatto profilaktikani ham deyarli rezerv antibiotiklardan boshlashadi.
– Koronavirus infeksiyasining engil turida tana harorati 38 darajagacha ko`tarilmoqda. Bunday holda haroratni tushirishdan naf bormi?
– Isitma – tananing normal himoya reaksiyasidir. Agar isitmani tushirishga harakat qilsak, immun tizimini birmuncha zaiflashtirgan bo`lamiz.
– Ushbu kasallikning organizm uchun asoratlarini ham kuzatgandirsiz...
– Agar statistikaga qaraydigan bo`lsak, koronavirus infeksiyasidan vafot etganlardan ko`ra sog`ayganlar soni ko`proq ekanini ko`ramiz. Ammo undan tuzalganlarning barchasi butunlay sog`ayib ketyapti, deya olmaymiz. Ba`zi odamlar virusni engadi, lekin uning asoratlari qoladi. Masalan, ayrimlarida hid va ta`m bilish susayadi, buyrak xastaliklari paydo bo`ladi, nevrologik muammolar, ya`ni xotira va konsentrasiyaning buzilishi kuzatiladi. Koronavirusning shu kabi insonning hayot tarzini biroz buzadigan turli xil asoratlari mavjud ekaniga guvoh bo`lmoqdamiz. Ayniqsa, kasallikdan keyin yoki terapiyadan so`ng qandli diabet kasalligi bor odamlarda qand miqdorining oshib ketishi achinarli holdir.
- Avvalroq infeksionist, mikrobiolog Verner Ber O`zbekistondagi epidemiologik vaziyat bo`yicha fikrlari bilan ham o`rtoqlashgandi.






