Afsuski, 2020-yil 22-avgust xalqimiz uchun ayanchli kun sifatida tarix sahifalaridan joy oldi. Ushbu kuni Buxoro viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Jamolovich Kamolov olamdan o`tdi. Uning vafoti xalqimiz uchun nihoyatda og`ir yo`qotish ekanini chuqur qayg`u ila izhor qilamiz.
Barchamiz uchun qadrli inson bo`lgan Karim aka Kamolov tarixiy shaxs edi. Donishmandligi, mehnatkashligi, uzoqni ko`ra bilishi va kamtarligi bilan u katta obro`-e`tiborga ega bo`ldi.
Karim Jamolovich o`z hayoti va taqdirini jonajon Buxoro xalqiga bag`ishladi. Viloyatimizda, ayniqsa ko`hna Buxoro shahrida qator bino va inshootlar, istirohat bog`lari qurilishi, tarixiy obidalarni saqlash va ularni restavrasiya qilish va boshqa qator obodonchilik ishlari borasidagi ulkan yutuqlarni Karim Jamolovichning nomi bilan bog`lamaslikning imkoni yo`q.
Esimni tanib, siyosiy qarashlarim paydo bo`la boshlanganidan buyon Karim akani Buxoro shahrining rahbari sifatida bilganman. Shahar hokimi bo`lishiga qaramay oddiy quruvchilar bilan teng gaplashar, ish jarayonini bir pas ham to`xtatmaslik uchun qurilish ob`ektlarining o`zida (alohida joy tanlamasdan qurilish materiallari ustiga dastro`mol to`shab o`tirgan holda) maslahatlashuv va muhokamalarni olib borar edilar.
Karim Jamolovich Kamolov o`zining adolatparvarligi, xalqchilligi, yurt ravnaqi yo`lidagi beqiyos xizmatlari tufayli yurtdoshlarimizning muhabbatini qozondi. Bugun nafaqat Buxoro, balki butun O`zbekiston xalqi ko`zida yosh bilan Karim Jamolovich Kamolov bilan vidolashmoqda.
Uning vafoti munosabati bilan markazda va joylarda xalqimiz marhum haqiga qo`l ko`tarib, duolar o`qishmoqda.
Karim Jamolovich Kamolovning porloq xotirasi qalblarimizda abadiy qoladi.
Jahongir Shirinov, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati






