Sog`liqni saqlash vazirligining ma`lum qilishicha, o`n kun avval yurtimizga Xitoydan kelgan virusolog, epidemiolog, xirurg, pulmonolog, ftiziatr, nevrolog kabi mutaxassislardan iborat tibbiy guruh shu vaqtgacha mahalliy shifokorlar o`rtasida onlayn konferensiyalar tashkil qilishgan.
Vazirlik qoshidagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a`zolari bilan muloqotlar o`tkazib, mehmonlar tomonidan koronavirusga chalingan og`ir ahvoldagi bemorlarga konsultasiyalar berilishgan. Shuningdek, ular yurtimizdagi koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonalar, saralash va taqsimlash markazlarining ishi bilan tanishib, o`z amaliy tavsiyalarini berishdi.
Bugun esa Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Xitoyning “Beizhong Yilin Pharm Tech (Beijing) Co. Ltd.” farmasevtika kompaniyasi prezidenti Syuejun Lin boshchiligidagi navbatdagi guruhni qabul qildi.
Farmasevtika kompaniyasi hamda Szyansi an`anaviy xitoy tabobati universitetining 10 nafar shifokor va mutaxassislaridan iborat delegasiyaning maqsadi O`zbekiston tibbiyot xodimlari bilan “COVID-19” pandemiyasiga oid ma`lumotlar bilan o`rtoqlashish, hamkorlikda kasallik keng tarqalishini oldini olish, uni nazorat qilish va davolash ishlariga ko`maklashishdir.
Muloqot davomida mehmonlar an`anaviy xitoy tabobatining bugungi kunda koronavirusga qarshi kurashdagi ahamiyati xususida batafsil gapirib berishdi, ushbu yo`nalishda yurtimiz bilan keng hamkorlik o`rnatish masalasi muhokama qilindi.
Jumladan, mamlakatimizda Szyansi an`anaviy xitoy tabobati universitetining filialini tashkil qilishga kelishib olindi. Bu erda tayyorlanadigan mutaxassislar xalq tabobati ilmini zamonaviy tibbiyot yutuqlari bilan uyg`unlashtirgan holda amaliyotda qo`llashlari mumkin bo`ladi.






