Yaqinda Jizzax davlat pedagogika institutida tahsil olayotgan talaba Islombek Po`latov ijtimoiy tarmoqlar orqali oliy ta`lim tizimidagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan bir qator idoralar, shu jumladan, Oliy Majlis Senatiga videomurojaat yo`llagan.
Kuni kecha Oliy Majlis Senati Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasi raisi O.Iminov Jizzax davlat pedagogika institutiga borib, talaba I.Po`latovning ta`lim olishi jarayoni, qolaversa, o`qituvchilarining u haqidagi fikrlari bilan tanishdi.
Ta`kidlash joizki, Qashqadaryo viloyati Koson tumanida tug`ilgan I.Po`latov 2017-2018 o`quv yilida Jizzax davlat pedagogika institutiga to`lov-shartnoma asosida o`qishga qabul qilingan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi ro`yxatida turadi.
Bundan tashqari, Qo`mita a`zosi X.Fozilov I.Po`latovning yashash joyiga borib, talaba bilan uchrashdi va suhbatlashdi. Uning muammolarini o`rgandi hamda oliy ta`lim tizimi faoliyatini yanada takomillashtirish borasidagi fikrlari tingladi.
Suhbat davomida I.Po`latov parlament yuqori palatasi tomonidan uning murojaatiga e`tibor qaratilayotgani va ijobiy hal etilayotganiga minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, senatorlar tomonidan talaba I.Po`latovning muammolarini ijobiy hal etish bo`yicha tegishli mutasaddilarga ko`rsatma berildi va nazoratga olindi.






