“Qishloq qurilish bank” yangi tartib asosida birlamchi uy-joy bozorida kvartira hamda namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan arzon uy-joylar xarid qilish uchun ipoteka kreditlari ajratmoqda.
Bu haqda bank axborot xizmati tomonidan o`tkazilgan matbuot anjumanida ma`lum qilindi.
Yangi uy uchun ipoteka krediti olish shartlari bir muncha soddalashtirilib, xizmat tariflari sezilarli ravishda tushirildi, kredit muddati esa 20 yil etib belgilandi. Fuqarolar yangi tartib doirasida qurilgan, foydalanishga topshirilgan sanadan ko`pi bilan ikki yildan oshmagan pudrat tashkiloti hisobidagi ko`p qavatli uylardagi xonadonlarni taklif etuvchi birlamchi uy-joy bozoridan uy xarid qilishi mumkin.
O`z navbatida, qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida uy-joylar qurilishi uchun ipoteka kreditlari ajratishga doir tartib ham amal qilmoqda. Bunda uy-joy oluvchi dastlab tuman hokimligidan tavsiyanoma olib, injiniring kompaniya bilan shartnoma rasmiylashtirishi talab etiladi. Bu turdagi ipoteka krediti muddati bir yildan iborat imtiyozli davr bilan 20 yilgacha hisoblanadi.






