AsosiyJamiyat

BAA kompaniyasi Toshkent xalqaro aeroportida yangi terminal qurmoqchi

'BAA kompaniyasi Toshkent xalqaro aeroportida yangi terminal qurmoqchi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Transport vaziri o`rinbosari Jasurbek Choriev Birlashgan Arab Amirliklarining Jetex kompaniyasi vakillari bilan videokonferens aloqa shaklida uchrashuv o`tkazdi, deya xabar bermoqda Vazirlik Axborot xizmati.

Uchrashuvda Jetex kompaniyasi Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida FBO shaklida davlat xususiy sherikchiligi asosida VIP va CIP mijozlarga xizmat ko`rsatishni tashkil etish bo`yicha investision loyihani amalga oshirishga qiziqish bildirayotganini ma`lum qildi. Kompaniya ayni mazkur loyiha doirasida o`z mablag`lari hisobidan Toshkent xalqaro aeroporti infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida yo`lovchilar va biznes aviasiyaga xizmat ko`rsatuvchi yangi maxsus terminal va angar qurishni rejalashtirmoqda.

Kompaniya vakillari yo`lovchilarga yuqori darajadagi xizmat ko`rsatishni ta`minlaydigan mazkur loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi Toshkent xalqaro aeroporti nufuzi va jozibadorligini oshirishini alohida qayd etib o`tishdi.     

Jetex kompaniyasi 2005 yilda tashkil etilgan bo`lib, 5 qit`ada 30 ta biznes birlashmasiga ega global tarmoqni tashkil etgan. Shuningdek, Jetex Yaqin Sharq, Turkiya va Pokistonda HondaJet kompaniyasining rasmiy dileri bo`lib hisoblanadi.

FBO (Fixed Base Operator) – aeroportlarda havo kemalari va yo`lovchilarga kompleks servis xizmatlari ko`rsatuvchi, xususan, havo kemalariga yoqilg`i quyish, to`xtash joyi, angarda saqlash, texnik va ta`mirlash xizmatlarini ko`rsatish, havo kemalarini ijaraga berish, charterlarni sotish, taksi va yana boshqa ko`plab xizmat turlarini ko`rsatuvchi tashkilotdir.  

Uchrashuvda Transport vaziri o`rinbosari Jasurbek Choriev bugungi kunda O`zbekiston aviasiya bozoriga xususiy kompaniyalarni jalb etish, sohada sog`lom raqobat muhitini shakllantirish bu orqali esa turli tasnifdagi yo`lovchilarga yanada qulay xizmatlarni taqdim etish bo`yicha amaliy ishlar olib borilayotganini hamda Jetex kompaniyasining investision loyihasini amalga oshirish yuzasidan ikki tomon mutaxassilari ishtirokida navbatdagi kengaytirilgan uchrashuvda loyihaning texnik, iqtisodiy jihatlarini atroflicha muhokama qilish yuzasidan kelishib olindi.

    Boshqa yangiliklar