Avval xabar berganimizdek, “Lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Vakolatli organlar tomonidan quyidagi harakatlarning amalga oshirilishi taqiqlanadi:
- lisenziyalar berish, ularning amal qilish muddatini uzaytirish va ularni qayta rasmiylashtirishda lisenziya talabgorining kommunal xizmatlar uchun to`lovlar bo`yicha qarzdorligi sababli davlat xizmatlari ko`rsatishni rad etish;
- lisenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni davlat organlari va tadbirkorlar o`rtasida tuziladigan o`zaro shartnomalarga almashtirish;
- lisenziya va ruxsat berishga doir talab va shartlarda nazarda tutilmagan haq evaziga boshqa turdagi xizmatlardan foydalanishga yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olishga bevosita yoki bilvosita majburlash.
2020 yilda muddati tugaydigan barcha lisenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning amal qilish muddati 2021 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi.
2021 yil 1 yanvarga qadar lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari bilan bog`liq barcha jarayonlarni qamrab olgan “Lisenziya” axborot tizimi ishlab chiqiladi.
Shuningdek, 2021 yil 1 yanvardan:
- lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari bosqichma-bosqich to`liq elektron tarzda “Lisenziya” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi;
- lisenziya sohasidagi qonun buzilishlari haqida xabar bergan shaxslar huquqbuzarlik o`z tasdig`ini topganda undirilgan jarimaning 10 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag`batlantiriladi;
- lisenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni tugatish va bekor qilish faqat sud tartibida amalga oshiriladi.






