Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan chaqiriq paytida bemorning yaqinlari tomonidan kaltaklangan tez yordam xodimining Zomin tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch xirurgiya bo`limida yotib davolanayotganligi haqidagi xabar Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan o`rganilib, quyidagilar ma`lum qilinadi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 23 avgust kuni soat 12:06 da Jizzax viloyat “Sall-markaz”iga Zomin tumani Oqtepa MFY J.Sulaymanov ko`chasida yashovchi fuqaro A.B.ga yaqinlari tomonidan chaqiriq bo`lgan. Soat 12:10 da tez yordam brigadasi ushbu fuqaroning yashash xonadoniga etib borgan.
Shifokor 1939 yil tug`ilgan bemorni tekshiruvdan o`tkazgach, bemorning umumiy ahvoli og`ir bo`lganligi sababli shifoxonada stasionar sharoitda yotib davolanishi uchun olib ketish kerakligini aytadi.
Ammo dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, bemorning yaqinlari bunga ruxsat berishmagan. Shundan so`ng tez yordam brigadasi tomonidan zarur birinchi tibbiy yordam ko`rsatilib, kerakli maslahatlar berilgan.
Shu kuni soat 13:42 da mazkur xonadondan yana qayta viloyat “Sall-markazi”ga chaqiriq bo`lgan. Tuman tez yordam brigadasi soat 13:47 da bemorning yashash xonadoniga etib borgan vaqtda bemorda biologik o`lim yuz berganligi ma`lum bo`lgan.
Tez yordam bo`limi navbatchi feldsheri E.I. ushbu holat yuzasidan tushuntirish berayotgan vaqtida bemorning yaqinlari tomonidan kaltaklangan.
Feldsher E.I. zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasi qabul bo`limiga olib kelingan vaqtda u karaxt holda ko`ngli aynib, qayd qilishi kuzatilgan. Bemor tibbiy tekshiruvlardan o`tkazilib, shoshilinch xirurgiya bo`limiga yotkizilgan.
Unga yopiq bosh miya chayqalishi, bo`yin sohasi yumshoq to`qimlarining lat eyishi, teri osti gematomasi tashxisi qo`yilgan. Ayni paytda bemorga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy muolajalar ko`rsatilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo`limga xabar berilgan bo`lib, huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmokda. Ushbu vaziyat Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olingan.
Xolatni Bosh prokuratura o`rgandi.
"Jizzax viloyati, Zomin tumani tez tibbiy yordam bo`limi feldsheriga tan jarohati etkazilganligi haqidagi xabar o`rganildi. Hozirda mazkur holat yuzasidan Zomin tumani IIO FMB 1-sonli IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Feldsherga etkazilgan tan jarohatlarining og`irlik darajasini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekpertizasi tayinlangan. Tekshirish olib borilishi ustidan Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan nazorat o`rnatilgan" deyiladi xabarda.






