Kuni kecha Jenevada bo`lib o`tgan brifingda Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesusning ma`lum qilishicha, koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqish va tarqatish bo`yicha “COVAX” xalqaro mexanizmiga 172 davlat qo`shildi. Ayni paytda JSST portfelida koronavirusga qarshi 9 ta vaksina mavjud ekani aytilmoqda. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar bermoqda.
Yana bir yangilik, JSST va uning Evropa mintaqaviy byurosining faol a`zosi sifatida O`zbekiston ham tashkilotning koronavirusga qarshi emlash dasturiga qo`shildi. Ma`lum qilinishicha, tashkilot barcha vaksina ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qiladi. Ushbu mexanizm barcha a`zo mamlakatlarning lisenziyalangan va tasdiqlangan vaksinalardan teng foydalanishni ta`minlashga qaratilgan.
Ma`lumot uchun, O`zbekiston JSST Evropa mintaqaviy byurosiga a`zo bo`lgan 53 davlatdan biri bo`lib, tashkilot bilan ko`p tomonlama hamkorlik qilib keladi. Tashkilotning 69-sessiyasida uning direktorligiga saylangan doktor Xans Klyuge o`zining ilk rasmiy xorijiy tashrifini 2020 yil 10 fevral kuni aynan O`zbekistondan boshlaganini alohida ta`kidlash lozim.
Shuningdek, 2019 yilning 20 may kuni bo`lib o`tgan JSSTning oliy organi Jahon sog`liqni saqlash assambleyasining 72-sessiyasida O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Jahon sog`liqni saqlash assambleyasining JSST Evropa mintaqasi bo`yicha vise-prezidenti etib saylangan.
Ushbu keng ko`lamli hamkorlik ayni vaqtda koronavirusga qarshi kurash masalasini ham qamrab olgan. Hozirda JSST Evropa mintaqaviy byurosining vaqillari Oleg Storojenko va Tanya Shmid yurtimizda bo`lib, koronavirusga chalingan bemorlarni davolash jarayonlarida bevosita ishtirok etmoqda.






