Oliy sudi matbuot xizmati uzoq paytdan beri ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo`lib, yakuni kutilayotgan sud ishi haqida xabar berdi.
Bayon qilinio`icha, 2019 yil 6 sentyabr kuni Buxoro shahar ma`muriy sudi tomonidan fuqaro B. Baxranovga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 126-moddasi (ko`zgusimon va (yoki) tusi o`zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko`rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish) ning 1-qismi bo`yicha yuritilgan ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ishi ko`rib chiqilgan.
Sudning qaroriga muvofiq B. Baxranovning harakatlarida ma`muriy huquqbuzarlik alomatlari yo`qligi sababli unga nisbatan bo`lgan ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ishi O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 271-moddasi (ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ishlarni yuritishni istisno etuvchi holatlar) ning 1-bandiga asosan tugatilgan.
2019 yil 2 oktyabr kuni Buxoro viloyati ma`muriy sudida Buxoro shahar ma`muriy sudining 2019 yil 6 sentyabrdagi qaroriga nisbatan Buxoro viloyat IIB YHXB tomonidan keltirilgan kassasiya shikoyati ko`rib chiqilgan.
Kassasiya instansiyasi sudining qaroriga muvofiq Buxoro shahar ma`muriy sudining 2019 yil 6 sentyabrdagi B. Baxranovga oid qarori o`zgarishsiz, shikoyat qanoatlantirishsiz qoldirilgan.
2020 yil 25 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Ma`muriy ishlar bo`yicha sudlov hay`ati tomonidan O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Buxoro shahar ma`muriy sudining 2019 yil 6 sentyabrdagi qarori va Buxoro viloyati ma`muriy sudining 2019 yil 2 oktyabrdagi qarori ustidan bergan nazorat tartibidagi shikoyati ko`rib chiqilib, ushbu sud qarorlari o`zgarishsiz qoldirildi.






