Koronavirusdan so`ng bolalarda bosh og`rig`i, yo`tal va hazm qilish a`zolari faoliyatidagi buzilishlar saqlanib qoladi.
Bolalar koronavirus oldida avval o`ylagandan ko`ra ko`proq zaifroq bo`lib chiqdi — ularning ko`pchiligida hatto tuzalgandan keyin ham salbiy asoratlari saqlanib qoladi. Bu haqda «The Wall Street Journal» xabariga tayanib Koronavirus info ma`lum qildi.
Amerikalik shifokorlar COVID-19 dan so`ng bolalarda bosh og`rig`i, yo`tal va hazm qilish a`zolari faoliyatidagi buzilishlar saqlanib qolishini ko`proq qayd eta boshladi. Shunga qaramay, ularning aksariyati virusni engil shaklda o`tkazishi tasdiqlangan.
Bolalarda multisistemali yallig`lanuvchi sindrom deb ataluvchi asorat eng ko`p uchraydi. Ta`kidlanishicha, AQShda 9 iyuldan buyon kasallikni yuqtirgan bolalar soni ikki baravar ko`paygan.
Koronavirusga chalingan ko`pgina bolalarda Kavasaki kasalligini eslatuvchi ko`plab yallig`lanishlar qayd etilgan. Keyinroq COVID-19 fonida bolalarda halokatli gipersitokinemiya — organizm to`qimalari shikastlanishiga olib keluvchi nazorat qilib bo`lmaydigan yallig`lanish rivojlanishi mumkinligi ham isbotlangan.






